Xotinlarga qancha pul kerak o'zi?!

Oilada, er-xotinning o’zaro suhbatida «Mening ham orzu-havaslarim bor», degan gap tez-tez quloqqa chalinadi. Tabiiyki, bu so’z ko’proq ayollar tomonidan aytiladi. Bu «orzu-havaslar» bolalarning o’qishi, kasbu kor egallashi, jamiyatda o’z o’rnini topishi bilan emas, oilaviy ziyofatlar, «bordi-keldi»lar, kiyim-kechaklar, buyum-matohlar, tilla taqinchoqlar bilan o’lchanayotgani, ayollar — onalarning orzu-istaklari shu tariqa yer bag’irlab, maydalashib borayotgani juda alamli.

Asli mehnatkash xalqmiz. Bolalarni ham yoshligidan mehnatga o’rgatamiz. Biroq peshona teri evaziga topilgan mablag’larni doim ham maqsadli ishlatmaymiz. Uy qurib, to’y qilib, ziyofat berib, kimlarnidir qoyil qoldirishdek orzu-havaslar izmida o’zimizga, ayniqsa, oilaning ustunlari bo’lgan erkaklarga zulm qilaveramiz…

«TIKLAGAN IMORATIMIZDAN
KO’NGLIMIZ TO’LMAYaPTI»

— Ayol mol-dunyoga ruju qo’ygani sayin erkaklar qiynalib boraveradi, — deydi namanganlik onaxon Hikmatoy Inamova. — Qaysi uyga kirsangiz, bir dunyo tutilmay yotgan idish-tovoq, buyum-matohlar, kiyim-kechaklarga ko’zingiz tushadi. Odamlar molparastligi oqibatida o’zlariga-o’zlari zulm qilishadi  ko’pincha. Uy-joyni tuzatish, chiroyli imoratlarda, yaxshi sharoitlar qilib yashash yaxshi, ammo har yili bir imoratni buzib, o’rniga boshqasini quraveradigan, hovli-joyini qurilish maydoniga aylantirib olgan, na yeyish-ichishida va na yashashida xotirjamligi bo’lmagan kishilar ham ko’p-da oramizda. Nimaga bunday qilaverasiz, deb so’rasang, «Tikkalagan imoratimizdan ko’nglimiz to’lmayapti», deyishadi. Agar o’sha uyning ayoli aqlli bo’lsa, rejali ish qilishni, ortiqcha pul sarflab, hadeb o’zini qiynayvermasligini eriga yotig’i bilan tushuntirsa, erkak kishi xursand bo’ladi. Biroq «Uyimiz falonchining uyidan pastroq bo’lib qoldi, falonchining derazasi ko’chaga qaragan, bizniki ichkarida qolib ketdi», deb hovli-joyining aybini topaversa, erkak: «Shu xotinning jag’i tinsin, shunda qulog’im tinch bo’ladi», deb ishlab, ming mashaqqat bilan topgan mablag’ini yana behuda xarajatlarga sarflayveradi.

Bir tanishimiz nabirasini uzatdi. Xitoyning toza chinnilarini, eng oxirgi shisha idishlarni, billur qandillaru vazalarni Toshkentdan olib kelishdi. Yaqinda mehmonga bordik, kelinchakning mehmonxonadagi mebeli do’konning peshtaxtasiga o’xshaydi. O’zi esa paxta gulli, o’zimizda ishlab chiqarilgan chinni idishlarni ishlatyapti. Falon million so’mga olingan qimmatbaho idishlar esa ishlatilmay, xo’jako’rsinga terilib turibdi. Shuncha narsani olish uchun pul topishga sarflangan mehnat, o’tayotgan umr uvol emasmi?

Xotinlarga qancha pul kerak o'zi?!

«UCh OPAMNI EL QATORI UZATIShIMIZ UChUN…»

— Esimni taniganimda beri dadam yozni uyda o’tkazganini bilmayman, — deydi Furqat ismli yigit. — Har yili bahorda ketib, kech kuzda kelardi. Ba’zida gilos pishdimi, o’rik pishdimi, deb so’rab qo’yardi. Besh-olti yildan beri o’zim ham hali Qozog’iston, hali Rossiyaga borib, qurilishlarda ishlab kelaman. Dadamni endi tushunyapman. Kollejni tugatmasimdan onam uch opamni «el qatori uzatishimiz uchun» dadamning yoniga borib ishlashim kerakligini tushuntirdi. Institutga kirib o’qish niyatimni bir chekkaga surib, ishlagani ketdim. Musofirchilikda qanchalik qiyinchilik bilan pul topishimiz bir o’zimizgayu, bir Xudoga ayon. Ota-bola ishlab, uchta opamni uzatdik. Uy-joylarimizni yaxshiladik. Ochig’i, sovuq havoda qurilishlarda ishlashdan bezib ketganman. Lekin onam: «Bo’ldi, endi kamroq pul topsanglar ham shu yerda, yonimizda bo’linglar», demayapti. Ba’zida o’ylab qolaman, qop-qop pul topsamu olib kelib, uyni pulga to’ldirib tashlasam, onam shunda ham qo’llarini cho’zib, yana «pul, pul» deyaverarmikinlar, a?..

Bu yigitning dardini uqyapsizmi, azizlar? Onasining, opa-singillarining orzu-havasi uchun pul topish yo’lida o’zidan, o’z orzularidan ham voz kechib, mehnat qilayotgan bunday yigitlarimiz kam deysizmi oramizda? Biz onalar, opa-singillar ularning qadriga yetyapmizmi?

«SIZLARGA YaNA QANChA PUL KERAK?»

— Rossiyada qurilish maydonida oshpazlik qilaman, — deydi yana bir suhbatdoshim Malika (ismlar o’zgartirilgan) ismli juvon. — Ikki yuz nafardan ortiq o’zbekistonlik yigit ishlaydi u yerda. To’g’ri, maoshi yomon emas. Ammo ularning yotar-turariga havas qilmaysiz. Bitta katta xonada 40-50 kishi uxlaydi. Kimdir yuvinib, chayinib yotadi. Kimdir charchaganidan ovqatlanadi-yu, uxlab qoladi. Bir hafta, o’n kunlab soqolini olishga vaqt ajratolmaydiganlari bor. Tasavvur qiling, kuni bilan ishlab charchaganidan keyin kir yuvib yurish odamga, ayniqsa, erkaklarga qanchalik malol keladi? Ba’zilari xotinlari bilan telefonda gaplashgach, «Sizlarga yana qancha pul kerak?» deya baqirib-chaqirib, asabiylashadi, bir-ikki kun o’ziga kelolmaydi. Bunday paytda alamini ichkilikdan oladiganlari, begona ayollar bilan ko’ngilxushlikka beriladiganlari ham bor. O’sha yigitlar shunday ishlab, shunday yashayapti. Umr esa o’tyapti…

Uyga qaytganimda o’sha yigitlarning ayollarini ko’rdim. Tilla taqinchoqlar taqib, qimmat ko’ylaklarda «gap»larda, ziyofatlarda hech kimga gap bermay yurishibdi. Shu ayollar telefonda eri bilan gaplashganda «Ishlang, ko’proq pul toping», deyishadi nuqul. To’g’ri, pul topish, ro’zg’orni ta’minlash erkaklarning zimmasidagi ish, ammo ular ham odam, gohida dam olgisi, oilasi, bolalari yonida bo’lgisi keladi. Ayollarimiz shuni unutmasligi kerak.

«UYIMDA FAQAT
«PUL JO’NATADIGAN
ODAM»MAN!»

Yana bir yigitni bilaman, uchta ukasi bor. Ishlab, pul topib, uyiga yuborib, hammasini uyli-joyli qildi. Imoratlarini ko’rsangiz, havasingiz keladi. O’zi har yili bir oygagina uyiga borib keladi. Uchta o’g’li bor. Bir safar uyidan qaytgach, juda xomush o’tirganini ko’rdim. Ko’zi to’la yosh. Kap-katta erkak o’z-o’zidan bunday holga tushmaydi. Aytishicha, 3 yoshli o’g’ilchasi uni tanimaganmish, ukasini esa «dada» deb chaqirayotgan ekan. «Uyimda faqat «pul jo’natadigan odam»ga aylanib qolganga o’xshayman», deydi mung’ayib. Axir bu erkak uchun, ota uchun alamli emasmi?

«MEN BIR TIYINLIK FOYDASI YO’Q, KASAL ERNI BOQMAYMAN!»

— Tanglayi pul-pul deb ko’tarilgan xotinlar ko’p, — deydi Marg’uba ismli ayol. — Qishda akam buyragidan operatsiya bo’ldi. Kasalxonadan chiqib, onamnikiga keldi va  «Uch-to’rt kun shu yerda bo’laman», dedi. Keyin bilsam, uyiga kelib endi cho’zilgan ekan, xotini «Nima, bu ahvolda ishlay olmaysizmi, hali qancha tashvishlarimiz bor edi», deb janjal boshlabdi. «Baraka topgur, bir-ikki haftada yaxshi bo’lib ketaman», desa, «Men bir tiyinlik foydasi yo’q, kasal erni boqmayman!» deb baqirarmish. Akam zarda qilib chiqib ketibdi. Uning o’zi, aslida, qo’li gul payvandchi. Uncha-muncha odamdan ko’p pul topadi. Shu paytgacha ham topganini xotiniga olib kelib bergan. Qizlarini uzatishdi. Uy-joylari havas qilgudek. Ammo xotini sira pulga to’ymaydi. Akam onamning uyida ikki hafta yotdi. Xotini bir marta ko’rgani kelmadi. Tuzalib ishga chiqib ketgandi, «Dadang topgan pulini onasiga beravermay uyga kelsin», deb chaqirtirib oldi. Bor-ey, deb ajrashay desa, 30 yillik xotini… Qizlarining onasi. Peshonamda bori shu ekan, deb yashaydi-da, akam sho’rlik.

Ha, azizlar, atrofimizda turfa taqdirlar bor. Nafaqat erkaklar, balki «uyim-joyim», deb tinmayotgan, xorijga borib ishlab kelayotgan ayollarga ham oson emas.

«BALKI MENGA XIYoNAT
QILGANDIRSAN…»

— Erim uyda bolalarim bilan qolardi, men har yili Qozog’istonga ishlagani chiqib ketardim, — deydi Sojida ismli juvon. — Sakkiz yil shu alfozda ishladim. Qaynonam topgan pullarimni ayamay sovurdi. Hatto o’zimiz uchun bitta uy ham ololmadik. Bu orada ikki bolali bo’ldim. Bolalarim yosh payti ham qaynonam olib qolardi. Erimga mashina oldik. Uy-joylarni tuzatishdi. O’tgan yili qaytib kelsam, uyimizda bir juvon yuribdi. Keyin bilsam, xo’jayinim unga sha’riy nikoh bilan uylanib olgan ekan. Menga juda alam qildi. Ularga shunchaki ishlab, pul topish uchun kerak bo’lgan ekanman. «U yoqlarda qanday yashaganingni bilmayman, balki menga xiyonat qilgandirsan, qaerga borsang-boraver, endi sen bilan yashamayman», deb erim meni ko’chaga haydadi.

QADRIMIZNI PUL BILAN
O’LChAMAYLIK!

«Besh qo’l barobar emas», deydi xalqimiz. Turmush o’rtog’ining topgan pulini avaylab-asrab, o’zi ham ishlab, bir so’mni ikki so’m qilish, oilasi, ro’zg’orini gullatib-yashnatish harakatida yurgan, «Qaerda bo’lsa ham bolalarimning otasi tinch bo’lsin», deb duo qilayotgan ayollar, tirikchilik majbur etib, bolasini xorijlarga yuborib, diydorini qumsab, duolar qilib o’tirgan onalarimiz juda ko’p.

Yuqoridagi taqdirlarni, mulohazalarni yozishdan maqsadimiz — «uyim-joyim» deb harakat qilayotgan, musofirlik nonini tishlab yurgan og’a-inilarimiz, opa-singillarimiz mehnatini e’tirof etish edi. Har nima bo’lganda ham biz bilan hamnafas bo’lib yashayotgan, biz uchun qayg’urayotgan qadrdonlarimizning qadriga yetaylik.