Odil Ahmedov va boshqa sportchilar poytaxtda masjid quradi

Toshkent shahar hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo’yicha o’rinbosari Shuhrat Turdiqulov raisligida fuqarolar qabuli davom etmoqda. Bu haqda O’zA xabar tarqatdi.

Qabulda sportning Turon yakka kurashi turi bo’yicha xalqaro turnirlar g’olibi Nargiza Vahobxo’jayeva futbol bo’yicha Milliy terma jamoa a’zosi, iste’dodli futbolchi Odil Ahmedov va boshqa qator sportchilar bilan birgalikda Toshkent shahrida masjid qurish istaklari borligini ma’lum qildi.

Sh.Turdiqulov sportchilarning ushbu tashabbuslarini qo’llab-quvvatladi va Sergeli tumanida aholi ko’payib borayotgani va u yerda tashkil etilayotgan yangi mahallalarda masjidga ehtiyoj borligini aytdi. Nargizaga tuman hokimligiga arxitektura qog’ozlari bilan murojaat qilish kerakligi borasida tushuncha berdi.

Muloqot davomida N.Vahobxo’jayeva boshchiligidagi sportchilarning poytaxtdagi «Islom ota», «Xo’ja Alambardor», “Shayx Zayniddin” kabi jome’ masjidlari tozaligi va obodligiga hissa qo’shib kelayotgani ma’lum bo’ldi. Shuningdek, ular Haj ziyoratiga ketayotgan yurtdoshlarga ham ko’maklashib kelayotgan ekan.