GAROVDAGI ChAQALOQ
Bu voqea Ierusalimda sodir bo’lgan. Bir ayol uch egizakni dunyoga keltirdi. Tug’ruqxona xizmati uchun u jami 2150 dollar miqdorida haq to’lashi lozim edi. Baxtga qarshi ayol qashshoqlikda umr kechirarkan. Buncha pulni bir martada to’lay olmasligini aytib turib oldi. Tug’ruqxona mutasaddilari esa sira o’ylab o’tirmay, uch egizakning birini garov sifatida olib qoldi. Mana, endi o’sha ayol Isroil adliya vazirligining tug’ruqxonadagilar chaqaloqni garovda ushlashga haqlimi-yo’qmi degan mazmundagi qarorini kutmoqda.
MIJOZNING VAZNIGA QARAB HAQ OLUVChI MEHMONXONA
Berlindagi mehmonxonalardan birining egasi mijozlarning vazniga qarab haq olishga o’rgangan ekan. Nomerga kirishdan oldin barcha mijozlar oldin taroziga chiqib vaznini o’lchatarkan. Bir kilo vazn uchun mehmonxona egasi mijozdan 50 yevrotsent haq olarkan. Qaysi mijoz vazni bo’yicha haq to’lashni istamasa, mehmonxonadagilar o’rtacha tarif sifatida belgilangan summani qurtday qilib sanab olisharkan. Bu haq baribir vazn asosida belgilangan. Ya’ni, mijoz o’zi bilmagan holda 78 kilogramm vazn miqdoridagi haqni to’lashga majbur bo’lgan. Oradan ma’lum vaqt o’tgach, mijozlar yuqori tashkilotlarga shikoyat bilan murojaat qila boshlagach, mehmonxona egasi jinoiy javobgarlikka tortildi. Mehmonxona esa yopib qo’yildi.
JASUR VA MATONATLI ILON QISMATI
Bir germaniyalik ayol Filippinga dam olish uchun borgandi. Ortga qaytayotib, kiyimlar solingan sumkasiga ilon kirib olganini payqamabdi. Samolyot Filippindan Germaniyagacha 10 soat uchgan. Samolyot havoga ko’tarilgach, yukxonadagi harorat -1 darajagacha sovigan. Ilon bunga ham bardosh bergan. Ayol uyga qaytgach, sumkadagi barcha kiyimlarni kir mashinasiga solgan-u, uskunani yoqqan. Ilon sho’rlik +50 darajadagi issiqda qolib ketgan. Mashina kiyimlarni jami 1200 marotaba aylantirgan. Ayol kirlar yuvib bo’lingach, kir yuvish mashinasini o’chirib ichidagilarni tashqariga chiqarib oldi. Ne ko’z bilan ko’rsinki, kiyimlar orasida chalajon ahvolga kelib qolgan kattagina ilon buralib yotardi. Tezda jonivorlarni himoya qilish xizmatiga xabar berdi. Aytishlaricha, ilonni bir hafta deganda arang o’ziga keltirishibdi. Veterinarlar bu jasur ilonga «Jasur» deya laqab ham qo’yishibdi va hayvonot bog’iga olib borib topshirishibdi.
krugozors. ru
Olimjon HAYIT tayyorladi