XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

 

«OLIMPIADA-80» HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR

 

1. Olimpiada boshlanishidan bir necha yil oldin tumorlar tanlovi e’lon qilingan. Jyurilar qo’liga 45 mingtaga yaqin eskizlar kelib tushgan. G’oliblikni esa moskvalik rassom Viktor Chijikov qo’lga kiritgan. Aynan u olimpiada timsoli sifatida ayiqcha eskizini yaratgandi.

2. Bunday yirik turnirni tashkil etish uchun katta pul talab qilinardi. Asosiy mablag’ «Sportloto» va «Sprint»dan kelib tushgan. Sobiq sovetlar respublikalarida yashovchilar olimpiadani shu qadar sevib qolishgandiki, «Sportloto»da haftasiga 7 000 000 nafardan ziyod odam ishtirok etgan. Ammo olimpiada tashkilotchilari uyoqda qolib lotereya mutasaddilari ko’proq foyda ko’rishgan.

3. Tomoshabinlar uchun 6 000 000 tadan ko’proq chipta chop etilgan. Eng arzon chiptalar 2 rubl etib belgilangan. Biroq olimpiadaning ochilish va yopilish marosimlari uchun chiptalar 10 rubldan 12 rublgacha bo’lgan.

4. Ajablanarlisi, bu olimpiadadan sobiq sovetlar faqat zarar ko’rgan. Daromaddan xarajatlar miqdori bir necha barobar oshib tushgan ekan.

5. Dunyoning 50 dan ortiq davlati 1980 yilgi Moskva olimpiadasiga qarshi bo’lgan. Lekin shunga qaramay, bu olimpiada ajoyib tadbirlardan biriga aylandi. Turnir davomida 74 ta olimpiya, 36 ta jahon rekordi o’rnatildi.

6. Olimpiadaga nafaqat sportchilar, balki sinoptiklar ham puxta hozirlik ko’rishgan. Ular Moskvadagi so’nggi 100 yillik ob havo ma’lumotini tadqiq etishdi va turnir 19 iyuldan 3 avgustga qadar o’tkazilishi mumkinligini bayon qilishdi.

7. Olimpiada boshlanishidan oldin Moskvani bomjlar, chayqovchilar, piyonistalar, fohishalardan tozalashgan. Ularning barchasini Moskvadan 100 kilometr uzoqqa haydab solishgan. Hatto, o’quvchilarni ham lager yoki qishloqlarda yashovchi bobo-buvilarinikiga jo’natib turishni maslahat berishgan.

8. Olimpiada ayni qizg’in pallasida, 25 iyul kuni Moskvada ajoyib xonanda va aktyor Vladimir Vыsoskiy olamdan o’tgan. Hukumat rahbarlari imkon doirasida dafn marosimiga kam odam kelishini ta’minlashga harakat qilishgan. Ammo baribir Vыsoskiy bilan vidolashish uchun yuz mingdan ziyod odam tashrif buyurgan.

9. Turnir Moskva olimpiadasi deb atalishiga qaramay, musobaqalar nafaqat poytaxtda, balki Leningrad, Kiyev, Minsk va Tallinda ham bo’lib o’tgan. Parusli sport musobaqalari esa Moskvada o’tkazishning imkoni yo’qligi sababli Estoniyada tashkil etilgan.

Olimjon HAYIT tayyorladi