XOH IShONING, XOH IShONMANG…

 

 

OYNING BIZ BILMAGAN SIRLARI…

 

Oy Quyosh tizimidagi odam oyog’i yetgan yagona fazo jismi hisoblanadi. U Yerning yo’ldoshi, doimiy ravishda teleskoplar kuzatuvi ostida. Oyni ham yerdan, ham fazodan turib mutaxassislar o’rganishadi. Olimlarning ba’zi xulosalariga nazar tashlaydigan bo’lsak, so’nggi qirq yil ichida bu yer yo’ldoshining yangi va yangi sirli jihatlari paydo bo’ldi.

“Appolon” deb nomlangan Amerika dasturidan keyin Oy bilan ma’lum vaqt hech kim qiziqmay qo’ygandi. Biroq 1994 yili “Klementina” zondi yerga yuborgan kutilmagan surat olimlarni yana sergak torttirdi. Suratda ikkita ulkan krater tasvirlangan bo’lib, undan muzlagan suv joy olgandi.

Haqiqatan bu katta shov-shuvga sabab bo’ldi. Chunki o’sha kunga qadar Oy fazoning o’lik jismlaridan biri hisoblanib kelgan. Negaki, oydagi bir kecha-kunduz yerdagidan 28 karra uzunroq bo’lgani bois bu yer yo’ldoshida hayot mavjud bo’lishi mumkinligi olimlarning xayoliga ham kelmagandi.

Qolaversa, oyning ustki qismida harorat atigi 122 darajagachani tashkil etadi xolos. U holda muz qaerdan paydo bo’lgan?..

Ammo “Klementina” yerga yuborgan suratlardagi kraterlar oyning janubiy yarim sharida joylashgan. Ularning eng kattasi diametri 2500 kilometr, chuqurligi esa 12 kilometrni tashkil etgan.

Olimlar yer yo’ldoshiga suv qaerdan kelib qolishi mumkinligi haqida bosh qotirishdi. Lekin taxminlardan nariga o’ta olishmadi. Ular suvni oyga doimiy tarzda qulab tushadigan meteoritlar keltirgan bo’lishi mumkinligini taxmin qilishdi. Shu xolos.

 

 

OY YeRLIKLAR UChUN XAVF TUG’DIRADIMI?..

 

 

Odamlar, uylar, daraxtlar, butun boshli qoyalar… Ularning hech biri kuchli bo’ronlarga qarshi tura olishmaydi. Hatto eng yuqori texnik qudratga ega uskunalar ham odamni tabiiy ofatlardan himoya eta olmaydi. Ba’zi manbalarda biz yerliklarga faqat oygina shunday xavf solishi mumkinligi haqida so’z yuritishgan. Xo’sh, qanday qilib oy bizga xavf tug’dirishi mumkin?..

Oy va Yer orasidagi masofa 384 ming kilometrni tashkil etadi. Diametri esa 3476 kilometrga teng. Bu yer diametridan to’rt barobar kichik demakdir. Lekin nafaqat yer oyni o’ziga torta oladi. Oy ham yerni fizika qonunlari asosida o’ziga tortish quvvatiga ega. Xuddi shu tortish kuchi bir kun kelib yerni yo’q qilishi ham ehtimoldan xoli emas. Oydan bizga yetadigan xavfning eng kattasi shu hisoblanadi.

Kechalari esa oy shundoq tepamizda turgan holda nimaiki yo’lida bo’lsa, barchasini o’ziga qarab tortadi. Ayniqsa, dengizlar, okeanlar suvi oy tarafidan tortilishi ham afsona emas. Oydagi tortish kuchi ularga ta’sir ko’rsatgan mahal dengizlar, okeanlar suvga to’lishi, yoki aksincha kamayishi kuzatiladi. Biroq bu holatlarda okean yoki dengizlar harakatga kelmaydi. Ular joyida turadi. Oy ularning ma’lum qismini tortish kuchi yordamida tutib turgan mahal yer o’z o’qi atrofida aylanishni davom ettiradi. Faqat bunday vaziyatda suv materiklarga emas, aksincha materiklar suv tomon yaqinlashadi. Shu tobda yer ishqalanish jarayonini boshidan kechiradi. Dahshatlisi, xuddi o’sha vaziyatlar har safar sodir bo’lganda, yer o’z o’qi atrofida aylanish tezligini kamaytira boradi.

 

 

ERDAGI GRAVITASIYa MAYDONI QAChON PAYDO BO’LGAN?..

 

Ilmiy va tarixiy materiallarda ta’kidlanishicha, Yer o’ziga tegishli gravitatsiya maydoniga to’rt-besh milliard yil avval ega bo’lgan. O’shanda zaharli gaz va fazo changlaridan iborat bulutlar nihoyatda katta tezlikda quyosh atrofida aylanishi sayyoralarga asos solgan. Natijada Quyosh tizimida ko’plab sayyoralar paydo bo’lgan. Aytishlaricha, o’sha davrlarda yer haqiqatan zaharli gaz va fazo changlaridan yaralagan vaqtlar o’z o’qi atrofida juda katta tezlikda aylangan. Lekin yillar, asrlar o’tib tezlik kamaya borgan. Bu kamayishga esa oy sababchi. U yer atrofida aylanishi, tortish kuchi oqibatida kuchli ishqalanish jarayoni yer o’z o’qi atrofida aylanishini sekinlashtirgan va bu jarayon hanuz davom etib kelmoqda.

Ma’lumki, 200 millionlar yil oldin yerda dinozavrlar hukmronlik qilgan. Xuddi o’sha paytlarda yerdagi bir yil 385 kunga teng edi. Bir kecha-kunduz esa 23 soatni tashkil etardi.  400 million yil oldin, qachonki yerda dastlabki o’simliklar endi bo’y ko’rsata boshlaganda, yerdagi bir yil 405 kunga, bir kecha-kunduz 21 soat 30 daqiqaga teng bo’lgan.

 

OYPARASTLAR

 

Bu shunchaki ruhiyat bilan bog’liq xastalik yoki holat emas. Oyparastlikka ham yer atrofida aylanayotgan o’sha oy sababchi. U tirik mavjudotlarni ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan o’z ta’siriga tushira oladi. Bunga ham tortish kuchi asos qilib olinadi. Oydan keladigan tortish kuchi oqibatida odam telba qiyofasiga kirishi, ashaddiy jinoyatchi, o’g’ri, qotil, bosqinchiga, yoki aksincha o’ta aqlli, malakali, tengsiz olim, vrach, muhandis, shoir yoki boshqa kasb egasiga aylanishi mumkin. Oy faqat ruhiyati zaifroq insonlarga o’z ta’sirini o’tkazadi. Ruhan yetuk insonlar esa unga hech qachon bo’yin egmaydi.

Yana aytishadiki, odamlar olamdan o’tgach, ruhi oy sayyorasida to’xtab nafas rostlarkan. Ko’pchiligi uzoq muddat o’sha yerda muqim yashab qolarkan. Afsuski, bu holatga hech kim hech qachon shaxsan guvoh bo’lgan emas. Demak, ruh oyga tushish yoki tushmasligini yolg’iz xudoning o’zi biladi.

Astag’firillo!!!

Olimjon HAYIT tayyorladi