BILASIZMI…

 

 

QORA QAL’ADAGI OQ BILAKOYIM

 

Olshansk qadimiy qora qal’asi Belorussiya shimoli-g’arbida joylashgan. Afsonalarga qaraganda, bu qal’aga XIII asrda knyaz Golsha asos solgan ekan. O’shandan beri bu qora qal’a ko’plab begunohlarning qoniga guvoh bo’ldi, ko’plab xo’jayinlarni ko’rdi. Xalq orasida «Oqbilakoyim» nomi bilan mashhur arvohning ham shu qal’a bilan bog’liqlik joyi bor. Aytishlaricha, shu yerda begunoh, oq-sariqdan kelgan yoshgina kelin o’ldirilgan. Shundan beri arvohi tinchlana olmaydi…

1618 yili shu qal’a yonida monastir qurayotgan quruvchilar yoqimsiz va sirli bir manzaraga guvoh bo’lishdi. Qal’aning quruvchilar ishlayotgan tomondagi devori qulab tushaverib, ularga tinchlik bermay qo’ydi. Quruvchilarning xo’jayini esa ularni monastir aytilgan vaqtda bitmasa, bir tiyin ham haq bermasligini aytib qo’rqitdi. Shunda quruvchilar qal’a devori qonsiraganini aytishdi. Agar devor orasiga tirik ayolni tiz cho’ktirib, ustini suvab yuborilsa, devor qulamas ekan. Xo’jayin rozi bo’ldi. Quruvchilar o’zaro shartlashishdi. Kimning xotini birinchi kelsa, o’sha devor orasiga tiz cho’ktirib suvab yuboriladigan bo’ldi. Oradan hech qancha vaqt o’tmay, quruvchilardan birining yosh, oq-sariqdan kelgan xotini ovqat olib keldi. Nimayam qilsin. Quruvchi rozi bo’ldi. Shu ayolni devor orasiga qo’yib ustidan suvoq tortishdi. Bir so’z bilan aytganda, ayol tiriklay ko’mildi. Devor haqiqatan qulashni bas qildi. Lekin o’shandan beri to hozirgi kunga qadar ham oppoq kiyimdagi oq-sariqdan kelgan o’sha yosh kelinning arvohi sira tinchini topa olmaydi. Guvohlik berishlaricha, kun botishi bilan arvoh devor orasidan tashqariga chiqib kelarkan-da, qora qal’a bo’ylab keza boshlarkan. Tunda qal’ani qo’riqlovchi qorovullar bu yerda bir oydan ortiq ishlay olmaskan. Albatta ishdan bo’shab ketarkan. Shubhasiz, o’sha oqbilakoyim arvohini ko’rgach, vahimaga tushib qolisharkan.

1997 yili qal’a ichkarisini ta’mirlayotgan ikki quruvchi qiz skeletiga ro’baro’ bo’lishdi. Ularning biri darrov o’sha qadimiy voqeani eslab qoldi va sheriklariga shipshitdi. Ular skeletni va yana yerdagi qolgan-qutgan suyaklarni qopga solib ibodatxonaga olib borishdi. Ruhoniyga hammasini tushuntirishdi. Shu skelet va suyaklarni janoza o’qib, dafn etishsa, arvoh tinchlanishi mumkinligini uqtirgan bo’lishdi. Lekin ruhoniy keskin bosh tortdi. Shundan keyin quruvchilarning o’zi qabristonga kirib skeletni qabrga qo’yishdi. Keyin esa…

Oradan bir necha kun o’tib ikkala quruvchi ham noma’lum sabablarga ko’ra o’lim topdi. Oqbilakoyim bo’lsa, hali-hanuz tinchini topgan emas. Ufologlarning aytishiga ko’ra, agar o’shanda ruhoniy skelet egasiga janoza o’qib, rasm-rusumi bilan dafn etsa, arvoh albatta tinchlanarkan…

To’g’ri, boshqalar ikki marhum quruvchi ko’mgan skeletni qidirib ko’rishdi. Ammo qabrni topa olishmadi.

Olimjon HAYIT tayyorladi