V Islom birdamligi o'yinlarida g'olib va sovrindor bo'lgan sportchilarimiz taqdirlandi

V Islom birdamligi o’yinlarida ishtirok etib, 158 ta (51 ta oltin, 42 ta kumush, 65 bronza) medal qo’lga kiritgan sportchilarimiz yurtimizda tantanali kutib olindi.
18 avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Konya shahrida (Turkiya) bo’lib o’tgan V Islom birdamligi o’yinlarida g’olib va sovrindor bo’lgan sportchilar hamda ularning trenerlarini bir martalik pul mukofotlari bilan rag’batlantirish to’g’risida»gi qarori imzolandi. Unda:

a) V Islom birdamligi o’yinlarida g’olib va sovrindor bo’lgan O’zbekiston sportchilari:

oltin medal uchun – 5 000 AQSh dollari;
kumush medal uchun – 3 000 AQSh dollari;
bronza medal uchun – 2 000 AQSh dollari;

b) V Islom birdamligi o’yinlarida g’olib va sovrindor bo’lgan O’zbekiston sportchilarini tayyorlagan trenerlar:

oltin medal uchun – 2 500 AQSh dollari;
kumush medal uchun – 1 500 AQSh dollari;
bronza medal uchun – 1 000 AQSh dollari miqdorida har bir medal uchun bir martalik pul mukofotlari bilan rag’batlantiriladi, deb belgilangan edi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida bugun g’olib va sovrindor sportchilarimizni taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Taqdirlash marosimida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov, Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, vazirlik, Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qo’mitalari rahbariyati ishtirok etishdi. Va V Islom birdamligi o’yinlarida g’olib va sovrindor bo’lgan sportchilarimizga pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.