Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari qo’mitasining yig’ilishi bo’lib o’tdi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig’ilishda «Volontyorlik faoliyati to’g’risida»gi qonunga volontyorlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan o’zgartish va qo’shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi dastlabki tarzda ko’rib chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasida Yoshlar ishlari agentligini volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilash va uning ushbu yo’nalishdagi vakolatlari nazarda tutilmoqda. Shuningdek, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.
Deputatlarning so’zlariga ko’ra, qonun loyihasining qabul qilinishi sohani tartibga solish va rivojlantirish, volontyorlar faoliyatini rag’batlantirish hamda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar ko’lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar so’nggida, qo’mita tomonidan qonun loyihasini dastlabki tarzda ko’rib chiqish yakunlari yuzasidan qaror qabul qilingan.
Eslatib o’tamiz, 2022 yilning aprelida «Volontyorlik faoliyatini yanada qo’llab-quvvatlash chora-tadbirlari to’g’risida»gi hukumat qarori qabul qilingandi. Qaror bilan davlat organlarining vazifalari va funksiyalarini volontyorlik orqali nisbatan samarali va tejamli shaklda amalga oshirish tartibi to’g’risida namunaviy nizom tasdiqlangan. 1 iyundan O’zbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan volontyorlar elektron platformasi ishga tushirililishi kerak edi.