Shu yil 9 sentyabrdan kuchga kiradigan “Reklama to’g’risida”gi yangi Qonunning 40-moddasida tamaki mahsulotlari reklamasi bo’yicha ham tartiblar belgilangan.
Unga ko’ra, tamaki mahsulotlari hamda ularni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilishga yo’l qo’yilmaydi.
Tamaki mahsulotlari hamda uni iste’mol qilish moslamalarini sotishni quyidagi yo’llar orqali rag’batlantirishga yo’l qo’yilmaydi:
tamaki mahsulotlari hamda uni iste’mol qilish moslamalarini bepul tarqatish, ularga nisbatan chegirmalar qo’llash;
ularning nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko’rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalaniladigan tadbirlarga homiylik qilish;
ularning tasviridan foydalanilgan futbolka, bosh kiyim, o’yinlar va boshqa shu kabi tovarlarni; bolalar o’yinchoqlari, shirinliklar yoki bolalarga mo’ljallangan boshqa tovarlarga o’xshatib chiqarilgan tamaki mahsulotlarini tarqatish va sotish;
savdo ob’yektlarining old tomonida, kirish va chiqish joylarida, rastalarida ularning tasviri, nomi hamda ular haqidagi boshqa axborotni joylashtirish;
boshqa turdagi tovarlarni ishlab chiqarayotganda tamaki mahsulotlariga, uni iste’mol qilish moslamalariga, mazkur moslamalarning ashyolariga yoki alohida qismlariga o’xshatiladigan har qanday atamalar, ta’riflar, belgilar, ramzlar, tasvirlardan yoki boshqa alomatlardan foydalanish;
rag’batlantiruvchi aksiyalar yoki shunga o’xshash boshqa tadbirlar o’tkazish mumkin emas.
Boshqa har qanday tovarlarning reklamasida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish jarayonini namoyish etishga, shuningdek, ushbu jarayon reklamadan foydalanuvchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirishga yo’l qo’yilmaydi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.