USMON G’OZI HAQIDA IKKI OG’IZ SO’Z
U Usmon ibn Ertug’rul ibn Sulaymonshoh At Turkmaniy. Xalq o’z hukmdorini Usmon G’ozi deb atagan. Usmon G’ozi buyuk imperiya tashkil etib, musulmonlarga mo’g’ul istilochilari tarafidan tortib olingan yerlarni qaytarib bergan yagona hukmdor hisoblanadi.
Musulmonlar dunyosida hukmdorlar ko’p bo’lgan. Ular shon-shuhratning yuqori pog’onalariga ko’tarila olishgan. Lekin ayrimlarigina o’zidan avlodlarga bu buyuk merosni qoldira olgan. Xuddi shu hukmdorlarning biri Usmon G’ozi edi. U yaratgan imperiya olti yuz yildan ko’proq vaqt yashadi, yovlarni sarosimaga sola bildi. Imperiya nomini eshitgan dushmanlar sukut saqlashga majbur bo’ldi.
Usmon ibn Ertug’rul ibn Sulaymonshoh At Turkmaniy 1258 yil 9 mayida tavallud topgan. Ollohning karomati bilan xuddi u tug’ilgan yil Bag’dodni mo’g’ul istilochilari bosib olgandi. Aynan u tug’ilgan kun Abbosiylarning so’nggi xalifasi o’ldirildi. Usmon G’ozi Ertug’rulga saljuqiylar shohi Oloviddin Kayqubod hadya etgan Syogut shahrida dunyoga kelgan.
ERTUG’RUL
O’shanda mo’g’ul xoni Chingizxonning zo’rlashi natijasida saljuqiylar Vizantiya chegarasiga ko’chib o’tishga majbur bo’lgan. O’shalar qatorida Ertug’rul ibn Sulaymonshoh ham “Qayi” qabilasi bilan birga Vizantiya chegarasiga ko’chib borgan. Ertug’rul bilan birga qabilaning 340 a’zosigina ko’chib o’tgan. Ertug’rul esa o’shanda ham saljuqiylar hukmdori Oloviddin Kayqubod ibn Kayxusrav ibn Qilich Arslonga halol xizmat qilardi.
Ertug’rulning jasurligi, qaytmas jangchiligidan xabar topgan shoh uni o’ziga yanada yaqinlashtirib, keyinchalik uning o’zi zabt etgan yerlar ustidan “Uchbey” etib tayinladi. Bu lavozimni hozirda gubernator ma’nosida tushunsa ham noto’g’ri bo’lmaydi.
Afsonami, haqiqatmi, ammo Ertug’rul otasi yo’lda, suvda olamdan o’tgach, uni dafn etib, jangchilari bilan ortga qaytayotganda, tog’ yon bag’rida ikki guruh jangchilar bir-biri bilan qirpichoq bo’lib turganini ko’rdi. Yonidagilar bilan maslahatlashib, yengilayotgan jangchilarga yordam ko’rsatdi va ular g’alabaga erishdi. Keyin ma’lum bo’ldiki, yengilgan jangchilar mo’g’ul istilochilari bo’lib chiqdi. Oloviddin Kayqubod qoyil qolganidan Ertug’rulga Tumanij va Armani tog’ yon bag’irlarini hadya qildi. Qishlash uchun Syogutni uning ixtiyoriga topshirdi. Bu yerlarni Oloviddin Kayqubod vizantiyaliklardan tortib olgan va o’sha yerda chegara qismi tashkil etgandi. Ertug’rul hukmdorga qulluq qilib, kelgusida Vizantiyani zabt etishga so’z berdi.
(davomi bor)
Olimjon HAYIT tayyorladi