O’rta asrlarda Usmoniylar imperiyasining eng obro’li va adolatli podshosi hisoblangan sulton Sulaymon-Qonuniy To’pqopi saroyida o’ziga xos islohotlarni amalga oshirgan. Shulardan biri kanizaklarga sovg’a berish odatidir. Sulton «oltin yo’lak»ni bosib kirib kelgan va u bilan tunni o’tkazgan kanizakni sovg’asiz qoldirmagan. Unga qimmatbaho mato, tilla va brilliantga qorishiq taqinchoqlar hadya etgan. Ammo bu sovg’alarni o’sha paytda navbatdagi harbiy yurishdan keyin yanicharlarga beriladigan alohida gonorar bilan taqqoslash mumkin edi xolos. Sulton bu taqinchoqlarga hech qachon qalbini bag’ishlamasdi. Sovg’a berildi degani bu kanizak hamisha uning yotog’iga qatnaydi degani ham emasdi.
Aslida qimmatbaho taqinchoqlarni sultonning o’zi yaratardi. Agar o’zi uchun eng qimmatli insonga taqinchoq yasay boshlasa, butun qalbini, mehrini, muhabbatini singdirardi. Masalan, singlisi Xadicha Ibrohim poshshaga turmushga chiqqanda, sulton Sulaymon lola ramzi tushirilgan uzuk sovg’a qildi. Bu nafaqat sultonning singlisiga cheksiz muhabbatini, balki Xadicha oliy nasablilar oilasi a’zosi ekanini ham anglatardi. Yoki volidasiga atab yasagan taqinchoqqa umuman boshqa ramz kiritilgan. O’sha paytlarda onasi bedavo dardga yo’liqqandi. Sulton taqinchoqni shunday ustalik bilan yasadiki, volida sultonga bu taqinchoq xastalikka qarshi kurashishda yaqindan yordam berishi lozim edi. Shunday bo’lgan ham. Volida taqinchoqni qabul qilib olgach, vujudida qo’shimcha kuch paydo bo’la boshlaganini tan olgan.
Zumrad ko’zli uzukni esa suyuklisi Xurram sultonga atab tayyorladi. Uzukni birga o’tgan ilk kechadayoq barmog’iga taqib qo’ydi. Keyinchalik Xurram sultonning o’limidan so’ng, boshqa avlodlar imperiya boshqaruvini qo’lga olgan davrlarda o’sha zumrad ko’zli uzuk qo’ldan qo’lga o’tdi. Har bir volida maqomiga ega ayolning barmog’ida albatta o’sha Xurram sultonning zumrad ko’zli uzugi paydo bo’ldi.
Qolaversa, bu uzuk Xurram sultonning maqomini ham keskin o’zgartirgan. Endi u qullar emas, balki oliy nasabli shoh oilasining to’laqonli a’zosiga aylangan.
— Uzukka men ruhimni singdirdim, — degandi sulton Sulaymon Xurram sultonga. — U barmog’ingda ekan, demak, men sen bilan birgaman. Shuni unutma!..
Bundan tashqari, sulton Sulaymon suyukli insonlarga jonivorlar hadya etishni ham xush ko’rardi. Masalan, Xurram sultonga ot hadya qilgan. Suyuklisi bu otni ko’rgandayoq baxtdan to’kilay degandi. Bir umrlik orzusi ushalganidan, shunday ehtirosli va mehribon yorga yetkazganidan Yaratganga hamdu sanolar aytgandi. Ayniqsa, Xurram sultonga Sulaymon hadya etgan kanareyka juda qimmatli edi. Har kuni erta tongni kanareykaning sayrashi bilan qarshi olar, bundan kayfiyati ko’tarilardi.
Olimjon HAYIT tayyorladi