ShOIRA…
(hajviya)
XAYoLPARAST
Uni xayolparastlikda ayblashdi.
Aslida xayolparast emas. O’zga dunyo fuqarosi xolos. O’z dunyosidan chetga chiqa olmaydi. Dunyosi uning tasavvurida shu qadar totli, fayzli, go’zal, jozibali. O’sha dunyoga kirib, osmonga boqadi-yu, yulduz sanay boshlaydi. Yulduzlarni zangor dengizga mengzaydi. Bir-biridan chiroyli, hashamdor to’lqinlar sohildan-sohilga urilib, shoirani girdobiga tortadi. Ana shunda xayolot junbushga keladi. Shoira to’lqinlarga dugona tutinadi. Ular bilan uzoq suhbatlar quradi. Suhbat davomida to’lqinlar muhabbatdan noliydi. Hijronga tosh otadi. Tosh zarbi ko’nglini og’ritgan hijron esa o’ksib-o’ksib yig’laydi. Buni shoira chuqur his etadi. Tabiatan ko’ngli bo’sh emasmi, unga achinib ketadi-yu, beixtiyor ko’kka, sanoqsiz yulduzlarga boqib, ulardan najot so’raydi. Muhabbatni insof, diyonatga chaqirishlarini iltimos qiladi. Shu yo’l bilan hijronni ovutadi…
Kuni kecha ko’chada ketayotgandim. Shoira xuddi shu ahvolda ko’kka termilgancha she’riy baytlarini mutolaa qilayotgan ekan. Qaysidir o’tkinchi unga urilib ketdi. Shoira parvo qilmadi. Balki o’tkinchining tirsagidan joni og’rigandir. Ammo indamadi. Negaki, u o’zga dunyo fuqarosi-da! O’zga dunyo vakillari biz kabi emas. Hatto, yovuzlikdan, shafqatsizlik, yomonlikdan ezgulik qidirib topa bilishadi…
Xullas, shoira o’tkinchiga hissiz nazar tashladi-yu, qaytadan yulduzlar olamiga boqdi. Tasavvuridagi zangor dengizga sho’ng’idi…
Yashirmayman. Shoiraga juda havasim keladi. Hatto uni ba’zan juda qattiq sevib qolgim ham keladi. Shoirani ko’rdim deguncha, u tomon xayolan talpina boshlayman. Tasavvurimda shoira ham buni sezadi. Meni huzuriga chorlab, yulduzlardan tuzilgan shoshqin dengizni menga maqtamoqni ixtiyor etadi. Afsuski, o’zga dunyo tiliga tushunmasligim pand beradi. Bilaman, u qancha so’zlanmasin, kuyib-pishmasin, baribir tosh kabi qotib turaveraman. Ichim yonadi, qalbim o’rtanadi, unga hamroh, suhbatdosh, dardkash bo’lmoqni xohlayman. Omiligim yo’l bermaydi. Ich-ichdan oh chekaman-u, asta ortga tislanaman…
ShOIRA DARVEShNAMO EMAS
Zamonlar o’zgarib ketdi. Odamlar g’iybatchigami-ey, hasadgo’ygami-ey, ishqilib, allakimlarga aylanib qolishgan.
Shoirani darveshnamoga yo’yishibdi. Bu gapi bilan duch kelganni sevib ketaveradi demoqchi bo’lishibdi. Bekor gap. Shoira darveshnamo emas. Yuragi qaynoq xolos. Bu qaynoq yurak tafti juda olisdagi oshiqning qalbini ham isita oladi. Vujudida iliqlik tuygan g’oyibona oshiqning ixtiyori qo’ldan ketadi. O’zi bilibmi, bilmaymi, shoira tomon talpina boshlaydi. Baxtga qarshi, yaqinlashgani sari taft qaynoq olovga aylana boradi. Ko’ribsizki, yonma-yon turishning imkoni qolmaydi. Sho’rlik oshiq kuyib kul bo’lish pallasiga kiradi…
Oradan hech qancha o’tmay, juftakni rostlashga majbur bo’ladi…
ShOIRANING UShALMAGAN ARMONI
Shoiraning ushalmas armoni bor. U yulduzlar, to’lqinlar bilan qilgan maroqli suhbatlarini qog’ozga tushiradi. Shu satrlar kattakon kitobga jo bo’lishini, barcha-barcha ularni o’qib zavq olishini, shoiraga havas ila boqishlarini xohlaydi, orzulaydi. Afsuski, armonlari ushala qolmaydi. Sababi… Ba’zi okaxonlar ta’magirlikka mukkalaridan ketgan. Qalbining qaynoq taftiga dosh bera olmasliklarini bila turib, ta’ma qilishadi. Shoira esa bizning dunyo vakillari bilan til topisha bilmasligini okaxonlarga uqtira olmay halak bo’ladi. Qaytadan yulduzlarga murojaat etadi. Ular yo’l bera qolmaydilar. Negaki, buyoqda yana boshqa tusli okaxonlar tish qayrab turgan bo’lsa ajabmas. Ularning ta’ma yukini qanday ko’taradi? Ularga nima deb javob qiladi? Yulduzlar ana shundan hadiksiraydilar va shoirani o’z zangor dengizlari tomon yetaklaydilar…
Shoira, sen afsus chekma! Hech kimga quloq tutma! Nima bo’lgandayam, o’zga dunyo fuqarosisan. Qaynoq satrlaringni baribir hech kim mutolaa qilishga jazm etmaydi. Tilingni tushunmaydi. Lekin yulduzlar bilan tillashishdan to’xtama! Suhbatlarni qog’ozga tushirib qo’yaver! Bir kun albatta o’sha okaxonlarga insof kiradi va suhbatingni qog’oz-pog’ozi bilan sotib oladi. Senga atab esa kattako-on haykal o’rnattiradi. O’shanda men ham borib haykalingni to’yguncha tomosha qilaman. Nega deganda, haykalning qalbi qaynoq emas.
Vujudni kuydirib kul qila olmaydi.
Olimjon HAYIT