Usmoniylar imperiyasining o’ninchi podshohi Sulton Sulaymon tarixidan xabardorlar uning bosh vaziri va yaqin do’sti Ibrohim poshsha, haramdagi bosh kalfa lavozimida ishlab fojiali o’lim topgan Nigor kalfani yaxshi tanishadi. Nigor va Ibrohim Pargali poshsha o’rtasida sirli muhabbat mavjud edi.
O’zining podshozoda xotini Xadichaning minnatlaridan, tez-tez qulligini eslatib turishlaridan bezib qolgan Pargali Ibrohim xayolan o’zi kabi oddiy bir ayolni orzulab yashardi. Minnatlar tufayli ham Xadichadan tug’ilgan Xulijahon qizi, Usmon o’g’liga haqiqiy ota mehrini bera olmasdi. Bir so’z bilan aytganda, ko’ngli sovib ketgandi. Ana shunday kunlarning birida u Nigorni sevib qoldi.
Nigor kalfaning ham Ibrohimga nisbatan tuyg’ulari yo’q emasdi. Xullas, ular xufiyona uchrasha boshlashdi. Ibrohim poshsha Nigor bilan uchrashgan kezlarda o’zini rostakamiga erkin his etardi.
Shunday qilib bu ikki sevishgan o’rtasida qizaloq dunyoga keldi. Ismini Esmanur qo’yishdi. Ibrohim poshsha sultonning bosh vaziri sifatida faoliyat yuritib, ancha-muncha boylik to’plashga ulgurgan. U boyliklarni poraxo’rlik orqasidan to’plagandi. Sulton Sulaymon esa Ibrohim oladigan uch million oltin tanga maoshnigina bilardi. Ibrohim poshsha poraxo’rligini, to’plagan boyliklarini ishonchli joyga berkitib qo’yishi yetti uxlab tushiga kirmagandi…
Ibrohim bilardi, xudo ko’rsatmasin, Sulaymon Nigor bilan o’zaro munosabatlaridan xabar topsa, uni ham, Nigorni ham tirik qo’ymaydi. Suyukli singlisiga xiyonat qilgan bosh vazirni birinchi navbatda qatl etadi. Qizi ham omon qolmaydi. Shu sababli yaqin do’sti, saroy ayyonlaridan biri Matrakchi Nosih afandiga Esmanurni uzoq-uzoqlarga jo’natishni buyurdi. Qizi uchun bir umrga yetadigan boylikni ham Nosih afandining qo’liga topshirdi. Besh yoshigacha voyaga yetkazgan enaga ayolni Esmanurning onasi etib tayinladi.
Enaga uzoqlarga ketib Ibrohim poshshaning qizini o’z farzandidek voyaga yetkazishi shart edi. Shu o’rinda onasi Nigor kalfa va otasi Ibrohim Pargali haqida hech qachon qizaloqqa aytmasligi lozim edi. Enaga Nosih afandining yordami bilan olis viloyatlardan biriga borib kichik uy sotib oldi. Shu yerda Esmanurni tarbiyaladi, maktabga berdi. O’zi esa Ibrohim poshsha bergan boyliklarga qarab o’tirmay, birovlarnikida enagalik ham qildi. Hammaga eri o’lib ketgani, qizi Esmanur bilan yolg’iz qolishganini aytdi. Ibrohim poshsha va Nigor kalfa haqida og’iz ochmadi.
Keyinchalik Ibrohim poshsha bergan pullarning bir qismiga bog’i bor hovli sotib oldi. Shu hovlida 16 yoshga yetib qolgan Esmanurni tikish-bichishga, taqinchoqlar yasashga va ajoyib kiyimlar bezakchiligi kabilarga o’rgatdi.
Kunlarning birida unikiga badavlat bir ayol Esmanurga ko’ylakka buyurtma berish uchun kelgandi. Qizni ko’rdi-yu, yoqtirib qoldi. Darrov o’g’liga olib berish harakatiga tushdi.
Esmanurga ham bu ayolning o’g’li Paraviy poshsha yoqib tushgandi. Tez orada to’y bo’ldi. Enaga asrandi qizi hech kimdan kam bo’lmasligi uchun unga qimmatbaho sep tayyorlab qo’ydi. Esmanur shu orada usmoniylar imperiyasida taniqli chevarga aylandi. Paraviy poshsha bilan bir umrga birga yashadi. Undan uch o’g’ilni dunyoga keltirdi. Biroq hech qachon o’zining bolaligi, haqiqiy ota-onasi haqida haqiqatni bilmay o’tdi. Enaga onasi aslida begonaligini, asrab olganini bilardi. Shunga qaramay, bu ayolni o’z onasidek sevib, ardoqlab yashadi. Enaga onasi vafot etgach, uni o’zi dafn etdi, haqiga bir umr duo qilib yashadi.
Faqat… Bir umr tunlari uyqusida tez-tez bir tushni ko’rardi. Kattakon, hashamatli uyda jajji qizaloq turar, bu qizaloq o’zi ekanini bilardi. Uning yoniga bashang kiyingan, badavlat bir erkak kelib, Esmanur qizaloqni bag’riga bosardi, «baxtim», «qizalog’im» deya erkalardi. Ammo uyg’ongach, bu erkakning yuz tuzilishini sira ko’z oldiga keltira olmasdi. Shunga qaramay, qalbining tub-tubida shu erkakka nisbatan kuchli, bo’ronli, zalvorli farzandlik muhabbatini aniq-tiniq his etib turardi.
Olimjon HAYIT tayyorladi