YaNGI MASKAN IZLASh AMALI

USMONIY TURKLAR SULOLASINING PAYDO BO'LIShI… (yoxud Ertug'rul tarixiga bir nazar. 1- qism)

Hozirga qadar Usmoniy turklar o’tmishi, kechmishi, tarixi xususida ko’plab filmlar yaratilgan, tarixiy maqolalar bitilgan. Lekin sulolaning qanday paydo bo’lishi ham ko’pchilikni qiziqtirishi tayin. Shuni hisobga olib, biz o’sha olis tarixga siz bilan birgalikda nazar tashlashga ahd qildik…

Tarixiy ma’lumotlarga ko’ra, 13- asrda, aniqrog’i, 1150 yillarda Yaqin sharqda “Kayi” turkmanlar qabilasi umrguzaronlik qilgan. Ular O’rta Osiyodan Yaqin Sharqqa ko’chib o’tgan hisoblanib, unga qadar Xorazm shohi tasarrufida bo’lgan. Qabilaga Sulaymonshoh ismli biy yetakchilik qilgan. Qabila a’zolari o’sha davr talabiga ko’ra ko’manchi xalq sifatida hayot kechirgan. Qabilaning tirikchiligi asosan mol-qo’y boqish, boshqa qabilalarga teri, jun va shu kabi mahsulotlarni sotishdan iborat bo’lgan.

Sulaymonshoh yetakchilik jarayonida adolat, halollikka alohida e’tibor qaratardi. Rafiqasi Xaymi momo ota-onasi dushman tarafidan o’ldirilgan, yoki xudoning xohishi bilan olamdan o’tgan bolalarni asrab olib, boshini silardi. Shu sababli bo’lsa kerak, bu oilani hatto qo’shni qabiladagilar ham juda sevishardi.

Sulaymonshohning to’rt o’g’li bo’lgan. Ular Sungur tekin, Kuntug’di, Ertug’rul va Dindar bo’lib, barchalari jangovar muhitda tarbiyalangan. Ammo to’rt o’g’il orasida Ertug’rulgina o’ta jasur, bir so’zli, qat’iyatli, to’g’ri so’z, faqat xudodangina qo’rquvchi yigit bo’lib ulg’aygan. U sir saqlashda ham tengsiz edi. Birovga bo’lar-bo’lmas gaplarni so’zlamasdi. Kunto’g’di va Sungur tekin esa hiyla qo’rqoq, oqimga qarshi suzishni xushlamasdi. Bu fe’li keyinchalik dushman bilan to’qnash kelingan paytda aniq ko’rinib qoldi…

Xullas, qabilaning muqim yashab turgan manzilida oylar o’tib qurg’oqchilik hukm sura boshladi. Bunday sharoitda tez orada chorva qirilib ketishi hech gap emasdi. Shunday kunlarning birida Sulaymonshoh biylar kengashini chaqirdi. Chunki har bir jiddiy reja qabiladagi obro’li biylar kengashida muhokama qilinar, birgalikda bir qarorga kelinardi. Biylar Sulaymonshohning fikrini bir ovozdan tasdiqlashdi. Hammalari yangi manzil qidirib topishga qaror qilishdi. Ammo buning uchun jasur va kuchli jangchi zarur edi. Negaki, o’sha davrlarda Yaqin sharqqa bir tomondan mo’g’ullar, ikkinchi tomondan “krestonoses”, “tamplier”lar jiddiy xavf solardi. Ayniqsa, nasroniylar mahalliy aholini qirish, o’z dinini targ’ib qilishda faqat qilich, zo’ravonlikdan foydalanardi. Bu yo’lda hech kimni ayab o’tirmasdi. Sulaymonshoh biylar bilan maslahatlashib, yangi maskan izlash uchun o’g’li Ertug’rulni yuborishga ahd qildi. U yoniga o’ziga yaqin jangchilarning bir nechtasini olib Aleppo amirligiga jo’nadi. Agar ish o’ngidan kelsa, biylar Aleppo amiriga yangi yer evaziga 2 ming nafar jangchi hadya etishni mo’ljallashgandi.

Ertug’rul amir bilan shaxsan uchrashib, qabiladoshlari iltimosini yetkazdi va iltimos qondirilib, ularga Aleppo yaqinidan sero’t, sersuv manzil ajratildi. Lekin bu manzil yonboshida qadimiy qal’a bo’lib, ichkarisi “krestonoses”lar bilan liq to’la edi. Demak, ular “Kayi” qabilasiga bu yerlarda yashash uchun izn bermasligi aniq edi. Ammo Ertug’rul nasroniy to’dalar zug’umidan qo’rqib o’tirmadi. Shu maskanga qabiladoshlarini olib kelishga astoydil bel bog’ladi.

“KURDO’G’LI — XOIN”

USMONIY TURKLAR SULOLASINING PAYDO BO'LIShI… (yoxud Ertug'rul tarixiga bir nazar. 1- qism)

Qadimiy turk sulolasiga yaxshilab nazar tashlaydigan bo’lsak, xoinlik atamasi juda ko’p uchraydi. Deyarli barcha davrlarda qahramonlar bilan bir qatorda xoinlar albatta yashagan. Achinarlisi, ular begona emas, qahramonlarning yaqin qondosh, jondosh, tobutkashlaridir.

Usmoniylar sulolasining asl negizi, poydevori hisoblanmish Erto’g’rul biy davrida uning amakisi, otasi Sulaymonshohning yagona ukasi, jigari Kurdo’g’li biy o’z isqirt ishlarini xufiyona tarzda amalga oshirib, akasini “Kayi” qabilasi yetakchiligidan chetlatish, uning o’rniga Ertug’rulning akasi Kuntug’mishni taxtga o’tqazish harakatida bo’lgan. Rejasi bo’yicha, agar Kuntug’di qabila yetakchisiga aylansa, baribir asosiy rol Kurdo’g’li zimmasida bo’lishi lozim edi. Negaki, Kuntug’dining fe’lini bolaligidan yaxshi bilardi. Bu alp ko’ngilchan, anchagina qo’rqoq, oqimga qarshi suzishni xush ko’rmaydiganlar xilidan edi. Lekin Kurdo’g’li bu harakatlarni yolg’izlikda amalga oshirmadi. U Kuntug’dining rafiqasi, Sulaymonshohning asrandi qizi Seyjan yordamida ish olib bordi. Seyjan ham Sulaymonshohga bir gap bo’lsa, taxtni Ertug’rul egallab qo’yishidan qo’rqardi. Shu sababli amakining takliflarini bajonidil qabul qilib, qo’lidan kelgancha unga yordam qo’lini cho’zdi…

“Ko’za kunda emas, kunida sinadi”, deganlaridek, Kurdo’g’li iflos ishlarini oxiriga yetkaza olmadi. Ulgurmadi. Sezib qolishdi. Shubhasiz, Ertug’rul o’zining ziyrakligi bois amakisining chirkin harakatlarini o’z vaqtida anglab, bu haqda otasi Sulaymonshohga ma’lum qildi. Sulaymonshoh darhol biylar kengashini chorlab, masalani ko’ndalang qo’ydi. Kengash ishtirokchilari bir ovozdan Kurdo’g’li qatl etilishi lozimligini talab qildi. Qatlni barchaning ko’z o’ngida Ertug’rul ijro etdi. Shunday qilib, “Kayi” qabilasi o’ta xavfli sotqindan xalos bo’ldi.

HALIMA

USMONIY TURKLAR SULOLASINING PAYDO BO'LIShI… (yoxud Ertug'rul tarixiga bir nazar. 1- qism)

Bu ayolning nomi tarix zarvaraqlarining to’ridan o’rin egallagan. Chunki aynan Halima Ertug’rulga bir umr ishonchli hamroh, hammaslahat, hamdard va sadoqatli yor bo’lib qoldi. Lekin bu ayol qaerdan paydo bo’lgandi?..

Ma’lumingizkim, “Kayi” qabilasi umrguzaronlik qilgan yerlar, Yaqin Sharqdagi ko’plab qabilalar Konyani o’z poytaxtiga aylantirgan saljuqiylar sultonligiga tegishli bo’lgan. Demak, qabilalar ham saljuqiylar sultoni Oloviddin Kayqubodga itoat etgan.

Kunlarning birida saljuqiylar sultonligi shahzodalaridan biri o’z qondoshlari tarafidan ta’qib ostiga olindi. O’sha davrda ham saljuqiylar sultonligida taxt egasining qolgan aka-ukalarini qatl etish doirasidagi qonun mavjud edi. Ya’ni, go’yoki davlat tinchligini asrash maqsadida taxtga o’tirgan sulton aka-ukalarini ommaviy tarzda qatl etishi shart edi. Halimaning otasi hali voyaga yetmagan o’g’li Yigitali va qizini yoniga olib ishonchli odamlar ko’magida qatldan qochishga muyassar bo’ldi. Baxtga qarshi yo’lda ular “krestonoses”lar hujumiga uchrashdi. Eslatib o’tamiz, “krestonoses”lar yevropalik nasroniylar ritsarlari sanalib, musulmonlarga qarshi shafqatsiz jang olib borgan. Asta-sekinlik bilan bo’lsa-da, o’z hududlarini kengaytirish harakatida bo’lgan. Xuddi o’shalar shahzoda va farzandlarini qo’lga oldi. Ular saljuqiylar sultonligida shahzodalarga qarshi harakatlar boshlanganidan juda yaxshi xabardor edilar. Shu sababli shahzodani amaldagi sulton Oloviddin Kayqubodning qo’liga topshirib, evaziga katta pul yoki ma’lum hajmga ega hududni hadya sifatida olishni mo’ljallashgandi. Qattiq adashishibdi. Ertug’rul o’sha kuni jangovar do’stlari Turgut, Bomsi bilan birga o’rmonda ov qilayotgandi. Shahzoda o’tirgan foytun va “krestonoses”larni ko’rib qoldi. Shahzoda va farzandlari asirda ekanini darrov ilg’adi. Uch o’g’lon nasroniylarga tashlanib, tez fursatda shahzoda va bolalarini ozod etishdi. Ertug’rul shahzodani qabilaga keltirib, bu haqda otasi Sulaymonshohga tushuntirdi. “Kayi” qabilasi odati bo’yicha kelgan mehmon uch kunga qadar e’zozda bo’lardi. Agar mehmon yarador bo’lsa, to tuzalib ketmaguncha ketishga ruxsat berishmasdi. Bundan tashqari, mehmon kim bo’lishidan qat’i nazar kimdir uni ta’qib etayotgan bo’lsa, sotish, ta’qib qilayotgan kimsaga mehmonni topshirish taqiqlanardi. Shahzoda og’ir yaralangan ekan. Uni qabila tabibi davolay boshladi.

Oradan ma’lum vaqt o’tgach esa Ertug’rul va Halima o’rtasida muhabbatga o’xshash sirli, qaynoq tuyg’u paydo bo’ldi.

Ajoyib kunlarning birida ular turmush qurishdi. Baxtga qarshi keyinchalik Halimaning otasi va ukasi yomonlar qo’lida halok bo’ldi.

Olimjon HAYIT tayyorladi