Turk Rivierasini o’rab turgan go’zal ko’rfazlardan Egey va O’rta Yer dengizi manzaralariga mahliyo bo’lgan holda, qayiqlar bog’langan portlarda oqshomni yoqimli qarshi olish va mazali turk taomlaridan bahramand bo’lishingiz mumkin. Quyida ta’til uchun eng so’lim go’shalar bilan tanishtiramiz.
Turkegeyga tomon
Turkiyadagi ilk moviy sayohat marshruti Turkegeyda bo’lib, Bodrum Turkiyadagi eng mashhur sayyohlik bekatlaridan biri sanaladi. Gumushluk, Bitez, Yalikavak, Aspat, Jennet va Iassos Bodrumdagi moviy dengiz sayohatlari uchun eng mashhur ko’rfazlar bo’lib, ular Turkiyadagi moviy sayohat kontsepsiyasining asl ilhomidir. Ko’rfazlarni qayiqda o’rganib chiqqaningizdan so’ng, siz XV asrdan qolgan Bodrum qal’asi va Bodrum suv osti arxeologiya muzeyiga sayohat qilishingiz mumkin. Bodrum shuningdek, Egey dengizi, turk va xalqaro oshxonalarning diqqatga sazovor gastronomik markazidir.
Datcha yarim oroli: Yer yuzidagi jannat
Egey dengizidan O’rta Yer dengizigacha bo’lgan moviy sayohat marshrutida uchratishingiz mumkin bo’lgan portlar Go’kova, Datcha va Marmarisdir. Bodrum va Datcha yarim orollari o’rtasida joylashgan Go’kova ko’rfazi moviy sayohatchilar uchun mashhur joydir. Ushbu marshrut bo’ylab go’zal ko’rfaz va orollar, jumladan, Orak oroli, Sedir oroli, Kufre ko’rfazi, Lo’ngo’z ko’rfazi, Chanak ko’rfazi/Ingliz bandargohi, Deg’irmen, Yedi (Etti) orollari, Lajivert ko’rfazi va Tavşan orollari mavjud. Datcha yarim orolining qirg’oqlari bo’ylab, Kurubuk, Palamut, Hayit, Qizilbuk, Ballija, Boynuzjuk va Armonika turli kattalikdagi ko’p sonli ko’rfazlar bilan tashrif buyuruvchilarni kutib oladi. Bu yam-yashil manzillarda sizni qiziqarli tabiat tajribasi va ajoyib Knidos qadimiy shahri kutmoqda. Sayohatning Marmaris etagida Adako’y, Echki (Kechi) oroli, Guverjin oroli, Jennet oroli, hamda, Serche, Bozukkale va Bo’zburun ko’rfazlarini ko’rishingiz mumkin. Dengiz orqali kelib, siz turli tarixiy va madaniy meroslarni, jumladan Marmaris qal’asini, Fiskos va Amos qadimiy shaharlarini ziyorat qilishingiz mumkin.
Go’jek: Moviy sayohatning yuragi
Turkiyaning moviy sayohatlar yetakchisi bo’lgan Go’jekdagi Usmon og’a, Bo’ynuz, Sarsala va Bedri Rahmi ko’rfazlariga tashrif buyurganingizdan so’ng mintaqaga oshiq bo’lishingiz tayin. Kleopatra hammomi (Kleopatra Hamami) deb nomlanuvchi suv osti xarobalari ko’rfazda joylashgan bo’lib, tarixiy xarobalar va yorqin suv osti hayoti bilan to’lib-toshgan sho’ng’ish joyini taqdim etadi. Jahon darajasidagi marinalari bilan Egey va O’rta Yer dengizi sohillari tutashgan Fethie moviy sayohat sevuvchilarning mashhur to’xtash joyidir. Fethiening tiniq suvlarida sho’ng’ib bo’lgach, kekik hidli tog ‘shamollari ostida «erkalangan» kichik ko’rfazlarda tunashingiz mumkin. Fethiyadan langarni ko’targaningizdan so’ng O’lik dengiziga borishingiz mumkin. Turkiyaning paraplanlar jannati O’lik dengizida siz Kumburnu ko’rfazi, Gemiler oroli, Kabak va Kidrak ko’rfazi, Shovale oroli, Samanlik, Kalemya, Akvaryum (Akvarium) va albatta, 80 dan ortiq kapalak turlari yashaydigan Kelebekler vadisi kabi manzarali joylarni ziyorat qilishingiz mumkin.
Kashdan Kekovaga: orzular ro’yobi
Turk Rivierasining poytaxti Antaliyada unutilmas moviy dengiz sayohat tajribasi uchun yana bir marshrut – O’rta Yer dengizining haqiqiy durdonasi bo’lgan Kashdir. Turkiyaning eng mashhur dam olish maskanlaridan biri bo’lgan Kashda dunyoning eng go’zal sohillari qatoriga kiritilgan mashhur Kaputash sohili ham joylashgan. Ushbu sayohatning yana bir ajablantiradigan joyi – faqat qayiqda borish mumkin bo’lgan Go’kkaya ko’rfazidagi Korsan g’oridir! Bu maskanlarni umringiz davomida kamida bir marta bo’lsa ham, o’z ko’zingiz bilan ko’rishingiz lozim.