Turk qahvasi turk madaniyatining ajralmas qismi bo’lish bilan birga butun dunyo xalqlari tomonidan tan olingan va sevib ichiladigan ichimlik hisoblanadi.
Odatda turklar qahvani do’stlar bilan suhbat, tonggi nonushta, kunduzgi taomlanishdan so’ng iste’mol qilishni hush ko’rishadi.
Avtomatik qahva mashinalar tufayli turk qahvasini tayyorlash hozirda juda osonlashgan bo’lsa-da, maxsus mis idishda (jezve), ko’mir olovida tayyorlangan qahvaning ta’mi haqiqatan ham boshqacha.Qahvani Usmonli davlatiga 1543-yilda Yaman hokimi O’zdemir poshsho olib kelgan. Turklar tomonidan ixtiro qilingan yangicha tayyorlash usuli tufayli qahva, “turk qahvasi” nomini olgan.
Birinchi marta 1554-yilda Taxtakaleda ochilgan va butun shahar bo’ylab tez tarqalib ketgan qahvaxonalar tufayli jamoatchilik qahva bilan tanishdi. Kunning barcha soatlarida kitoblar o’qiladigan, shaxmat va nard o’ynaladigan, she’r va adabiyot suhbatlari o’tkaziladigan qahvaxonalarda qahva o’sha davr ijtimoiy hayotida o’z izini qoldirdi.
Turklarda qahva ichishning ham o’z odobi bor. Qahvadan oldin yegan yoki ichgan narsangizning ta’mi og’zingizda qolsa, sizda qahvadan to’liq bahramand bo’lish imkoniyati bo’lmaydi. Shuning uchun, odatda qahvadan oldin bir necha qultum suv ichiladi.
Shuningdek, turklarda qahva foli ochish ham keng tarqalgan. Qahva bitgach finjon ostida qalin qahva cho’kindisi qoladi va uni likobcha bilan berkitib aylantiriladi. Bir muddat o’tgach og’zi ochilgach, paydo bo’lgan turli shakllar yordamida fol ko’riladi.
Bugungi kunda ham, bo’lajak kuyovning oilasi qizning ota-onasidan uning qo’lini so’raganda, kelin tomonidan kuyovga maxsus tuzli va murchli turk qahvasi tayyorlanadi hamda uni oxirigacha ichilishi so’raladi. Kuyov uni oxirigacha ichishi, qizni chindan sevishini va u uchun hamma narsaga tayyorligini ifodalaydi.