Amaldagi tartiblarga binoan, yovvoyi hayvonlarni O’zbekiston Respublikasiga olib kirish ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari beradigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
O’zbekiston Respublikasiga g’ayriqonuniy ravishda olib kirishga urinish chog’ida ushlab qolingan yovvoyi hayvonlar esa belgilangan tartibda olib qo’yiladi.
2022 yil 16 noyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari Misrdan uchib kelgan yo’lovchilarni bojxona nazoratidan o’tkazish davomida, “yashil” yo’lak orqali harakatlangan ayolning bezovtalanishi va shubhali xatti-harakatlariga e’tibor qaratishdi. Bu haqda Qo’mita Matbuot xizmati darakchi.uz’ga xabar berdi.
Unga tegishli bagaj nazorat-rentgen uskunasi hamda endoskop orqali ko’zdan kechirilganida, yuklar orasidagi 2 ta shirinlik qutisining ekranlardagi tasviri shubhalarni tasdiqladi. Qutilarda yovvoyi hayvonlar bor degan taxmin ilgari surildi.
Hayvonlarga ozor berib qo’ymaslik va bojxona xodimlarining hayotiy xavfsizligini ta’minlash maqsadida aeroportga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo’mitasi va Toshkent hayvonot bog’i vakillari taklif etilib, ular tomonidan qutilar ochildi.
Natijada, birinchi quti ichida og’zi boylangan 1 bosh Nil timsohi bolasi va 3 bosh iguana, ikkinchi qutida esa to’rsimon, yo’lbars va xondra zotiga mansub 3 bosh piton bolalari borligi fosh bo’ldi.
Jonivorlarni olib o’tishga uringan shaxs buni birovning iltimosiga binoan ma’lum bir haq evaziga olib o’tayotganini ma’lum qildi.
Jonivorlar zudlik bilan Toshkent hayvonot bog’iga keltirildi. Dastlab jonivorlar vazni, uzunligiga doir ma’lumotlar qayd etildi. Ularning holati ko’zdan kechirildi. Issiq iqlim sharoitlariga moslashgan jonivorlar samolyotning harorat past darajada bo’ladigan yukxonasida va o’ta zich joylashgan qutilar ichida keltirilgani sababli ahvoli qoniqarsiz deb baholandi. Ilonlar va iguanalardan ayrimlarining tanalari zamburug’lar bilan kasallangan.
Jonivorlar hozirda karantinda, mutaxassislarning doimiy nazorati va parvarishi ostida saqlanmoqda.
Mazkur holatda olib qo’yilgan noyob jonivorlarning bahosi dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda taxminan 77 mln. so’mdan oshmoqda.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.