Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari temiryo’l sohasini isloh qilish bo’yicha Ispaniya tajribasini o’rgandi.
2005-yilga qadar Ispaniya temir yo’llari RENFE monopol davlat kompaniyasi tominidan boshqarilgan.
2005-yilda temiryo’l sohasini erkinlashtirishga qaratilgan islohotlarni boshlash to’g’risida qaror qabul qilindi va RENFE ikkita alohida tashkilotga bo’lindi: ADIF yangi infratuzilmani yaratish va mavjud infratuzilmadan foydalanish uchun mas’ul etib belgilangan bo’lsa, RENFE-Operadora kompaniyasi transport xizmatlarini ko’rsatish bilan shug’ullandi.
Islohotlarning asosiy sabablari:
– temiryo’l tizimida raqobatning yo’qligi va boshqaruv samaradorligining pastligi;
– sohaga qo’shimcha sarmoya jalb qilish ehtiyoji;
– xavfsizlik standartlariga yetarli darajada rioya qilinmasligi.
Islohotlarning asosiy yo’nalishlari:
1. RENFE monopol davlat kompaniyasi vazifa va mas’uliyati aniq taqsimlangan ikkita tashkilotga ajratildi;
2. Transport xizmatlarini ko’rsatishda raqobat muhiti yaratildi: ADIF infratuzilma ustidan monopol boshqaruvni saqlab qoldi, operatorlarga esa infratuzilmadan foydalanish uchun teng huquqlar taqdim etildi;
3. Raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida RENFE-Operadora to’rtta alohida kompaniyaga bo’lindi.
2022-yilda Ispaniya yuqori tezlikda harakatlanish mumkin bo’lgan magistrallarni erkinlashtirish bo’yicha islohotlarni boshladi. 2021-yilgacha Ispaniyada bu yo’nalishda faqat bitta operator bor edi. Ayni chog’da bozorda uchtta kompaniya faoliyat yuritmoqda.
Xususiy operatorlarning taklif etilishi temiryo’l chiptalari narxining pasayishi va yo’nalishlardagi poezdlar sonining ko’payishiga olib keldi. Masalan, “Iryo” kompaniyasining arzon narxlariga javoban (18 yevrodan), RENFE o’zining arzon “Renfe Avlo” loukosterini ishga tushirdi.
Narxlarning pasayishi va raqobatning rivojlanishi yaxshi natijaga erishishda yordam berdi. Xususan, 2019-yilning avgust oyida Madrid va Barselona oralig’ida 265 ming yo’lovchi safar qilgan bo’lsa, 2022-yilning avgust oyida ushbu ko’rsatkich 310 ming kishini tashkil qildi.