To’g’ri va aniq tarjima – qiyin va mas’uliyatli ish. Biroq ba’zan haddan ziyod mas’uliyat ham tarjimonni xatolar sari yetaklashi mumkin ekan.
Birgina xato goho bir inson, gohida bir necha minglab insonlar hayotiga rahna solishi ham hech gap emas.
Bugun tarix uchun qimmatga tushgan xatoliklarni bir esga olsak:
1. 18 yoshli yigit bir umrlik nogironga aylandi.
Janubiy Floridada 1980 yilda sodir bo’lgan bu voqea juda ham afsuslanarli. 18 yoshdagi kubalik Villi Ramires kutilmaganda boshi kuchli aylanayotgani va qattiq og’riyotganini aytdi. Holat shu qadar jiddiy ediki, uning ko’rishi va fikrlashida ham me’yor buzilgandi. Birozdan so’ng esa u xushini yo’qotdi.
Bir necha soat avval yigit kafeda tushlik qilganidan xabardor bo’lgan uning onasi, o’g’lim ovqatdan zaharlangan, degan gumonga bordi. Ammo ingliz tilini yaxshi bilmasligi tez yordam shifokoriga vaziyatni to’g’ri yetkazib bera olishida qiyinchilik tug’dirdi.
Tushuntirish mobaynida ona – ispan tilidagi «intoxicado» (tarjimada: zaharlanish) so’zini qo’lladi. Lekin ingliz tilida alkogol yoki giyohvand modda dozasi ortib ketishidan kelib chiqadigan holatni ifodalaydigan «intoxicated» so’zi borligi shifokorni chalg’itib qo’ydi. Tez yordam shifokori yigitchani bo’limga yetkazar ekan, o’zi tushungan tashxisni bildirdi va bemorni aynan mana shu tashxisga ko’ra davolay boshlashdi.
Aslida esa yigitda gemorragik insult kuzatilayotgan edi. Bunday kasallik bunday yoshdagi odamda kuzatilishi nihoyatda kam uchragani uchun ham hech kim buni taxmin qilib ham ko’rmadi.
Noto’g’ri tashxis natijasidagi «davo» insult tana sholligini keltirib chiqaradigan darajagacha ko’tarilishiga sabab bo’ldi. Xatolik tufayli oilaga 71 mln dollar miqdorida kompensatsiya to’lab berildi, lekin yigit nogironligicha qoldi.
Nimaiki bo’lsa – yaxshilikka, deyilganidek, bu hol AQSh tibbiyotidagi jiddiy reformalarga sabab bo’ldi, patsientlarga xizmat ko’rsatish tartibi esa tubdan o’zgartirildi.
2. «Biz sizlarni dafn etamiz!»– noto’g’ri tarjima sababli SSSR va AQSh orasida urush boshlanishiga oz qolgan edi.
1956 yil SSSR va AQSh orasidagi sovuq urushning ayni qizg’in pallasi edi. Ikkala mamlakat rahbarlari nutqida ham tahdidlar yangrab turardi. Biroq tarjimonning kichik xatosi tufayli haqiqiy urush boshlanib ketishiga oz qolganidan ko’pchilik bexabar bo’lsa kerak.
Nikita Xrushchyov Polsha elchixonasida nutq so’zladi. U ommaviy chiqishlarida ko’pincha qizishib ketar va kontekstni chuqur anglamagan odam uning g’aroyib jumlalarini tarjima qilishda adashib ketishi hech gap emas edi.
O’sha nutqida u quyidagi jumlani aytib o’tdi: «Bu sizga yoqadimi yoki yo’q, biroq tarix biz tomonda. Biz sizni dafn etamiz». Tabiiyki, bu yerda Xrushchyov Marksning «proletariat kapitalizmning go’rkovidir» tezisiga taqlid qilib, uni biroz boshqacha so’zlar bilan ifoda etgandi. Tarjimon esa jumlani to’g’ridan- to’g’ri tarjima qilib, xalqaro janjal sababchisiga aylandi.
«We will bury you!»– jumla zum o’tmay barcha Amerika gazetalarida chop etildi. Hattoki mashhur «Time» jurnali ham bu haqda butun boshli maqola chiqardi.
AQShning diplomatik vakilligi o’sha zahoti SSSR ga nota yubordi va sovet diplomatlari shoshilinch kechirim so’rab, Xrushchyov so’zlagan jumla urush harakatlarini emas, Marksning o’zgartirilgan qarashlarini ifodalaganini bildirdi.
Keyinroq Xrushchyov o’zi ham nutq shakli uchun ommaviy uzr so’radi va to’g’ri ma’nodagi qabrni emas, ishchi sinfi kapitalizmni o’ldirishini nazarda tutganligini aytib o’tdi.
Lekin shunga qaramay Xrushchyovning so’zlash uslubi o’zgarmadi. 1959 yilga kelib u «AQSh ga Kuzkani onasini ko’rsatishi» haqida gapirdi. Bu safar ham tarjimon jumlani «we shall show you Kazka’s mother» deya tarjima qilib, mazmunni yetkazib bera olmadi. Amerika jamiyati esa Kuzkaning onasi – Sovet ittifoqi tayyorlagan yangi yadro bombasi, degan fikrga bordi.
3. Tarixdagi eng dahshatli xatolik esa 26 iyul 1945 yilda bo’lib o’tgan Postdam konferensiyasidan keyin sodir bo’ldi.
Yaponiya imperiyasiga yuborilgan ultimatum shaklidagi deklaratsiyada Ikkinchi Jahon urushida kapitulyatsiya qilish talabi olg’a surilgan edi. Talab inkor qilinsa, ularni «to’liq yo’q qilish» kutilishi ta’kidlab o’tilgandi.
Uch kundan so’ng Yaponiyaning bosh vaziri Kantaro Sudzuki press-konferensiya vaqtidagi nutqi davomida Mokusatsu so’zini qo’lladi. Buning ma’nosi, «indamay qo’ya qolish» edi. Ya’ni, bosh vazir, ular shunchaki jim ekanliklarini, so’rovga sukut bilan javob berishlarini bildirmoqchi bo’lgan. Tabiiyki, bu murakkab diplomatik javob edi.
Biroq bu so’z ingliz tiliga «we ignor that» («biz bunga e’tibor bermaymiz» yoki «e’tiborimizga arzimaydi») qabilida tarjima qilingan.
Yapon hukumatining bunday javobi yaponlarga atom bombasi orqali xujum uyushtirish sababiga aylandi. 6 avgust kuni Xirosimaga 15 kilotonna, 9 avgust kuni esa Nagasakiga 21 kilotonnaga teng bo’lgan atom bombasi tashlandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra Xirosimada 150 000, Nagasakida 75 000 aholi jabr ko’rgan. Lekin jabrlanganlarning real soni turli manbalarda 450 000 ga yaqinligi aytiladi.
Qarang, birgina arzimas xatolik mazmunni mutlaqo o’zgartirib, nimalarga sabab bo’lishi mumkin ekan.
Chet tillari va tarjima bilan ishlash – ancha murakkab va jiddiy jarayon. Do’stlar bilan muloqot davomidagi xatolik janjalga, yuqoriroq rutbadagi shaxslar muloqoti davomidagi xatoliklar esa butun boshli urushga aylanib ketishi mumkin.
Shunday ekan, tillarni yaxshi o’rganing, aziz tarjimonlar.
Internet ma’lumotlari asosida Gavhar Nasrulloh tayyorladi.
loading…