Tailandda sayyohlar orasida mashhurlik qozongan “suzuvchi poezd” ishga tushirilmoqda va uning uchun chiptalar sotuvi boshlandi. Bu haqida Tailand Davlat temiryo’llari tashkiloti ma’lum qildi.
Poezd Bangkok shahridan yo’lga chiqadi va poytaxtdan 150 kilometr uzoqlikda joylashgan Lopburi viloyatidagi Pasak Jolasid to’g’onigacha boradi. Ushbu yo’nalishdagi qatnovlar har yili quruq va sovuq mavsumda yo’lga qo’yiladi. Joriy yildagi ilk poezd 4 noyabr kuni yo’lga chiqsa, so’nggi poezd 28 yanvar kuni yo’lovchilarni o’z manziliga eltadi.
Poezd chiptasi narxi vagon sinfi va yo’lovchining ortga qaytish yoki qaytmasligiga bog’liq. Eng arzon chipta narxi 150 bat (4 dollar) bo’lsa, eng qimmatining narxi 590 bat (16 dollar) gacha boradi.
Poezdni “suzuvchi” deb atashlariga sabab sayohat vaqtida yo’lovchi o’zini suv ustidan yurib borayotgandek his qilishidir. Sayyohlar “suzuvchi” poezdda manzilga yetib olgach, Lopburi viloyatining diqqatga sazovor maskanlarini ko’zdan kechirishadi.