Texnik milliarderlar iyun oyida Mask X (avvalgi Twitter)da “qafasdagi jangga tayyorman” deb yozganida, jang qilishga rozi bo’lishdi. Sukerberg Maskning chaqiruviga javob berib, “lokatsiya yuborishni” so’radi.
Biroq kecha, 13 avgust kuni Sukerberg Ilon Mask jang borasida “jiddiy emas”ligi va “hamma o’z yo’nalishida harakat qilish vaqti kelganini” aytdi.
Ilon Mask esa, o’tgan haftada X’dagi sahifasiga post joylab, og’ir buyumlar ko’tarish orqali jismoniy mashqlar qilayotgani va jangga tayyorlanayotganini aytgandi. Keyinroq esa, u sog’lig’ida jiddiy o’zgarishlar bo’layotgani va Sukerberg bilan qafasdagi jangni teledebat tariqasida o’tkazish haqida o’ylayotganini ma’lum qildi. Bu esa tarmoq foydalanuvchilari tomonidan jiddiy e’tirozga sabab bo’lib, “Ilon Mask Facebook asoschisidan qo’rqdi”, degan fikrni uyg’otdi.
«Men haqiqiy uchrashuvni taklif qildim. Dana Uayt xayriya uchun kurashni taklif qildi. Agar Ilon qachondir haqiqiy sana va rasmiy tadbir haqida jiddiy gapirsa, u men bilan qanday bog’lanishni biladi. Aks holda, davom etish vaqti keldi. Men yaxshisi sportga jiddiy yondasha oladigan odamlar bilan raqobat qilishga diqqatimni qarataman”, – deb yozadi Mark Sukerberg.
Ilgari Ilon Mask jang Italiyadagi “epik joy” kolizeyda bo’lib o’tishini taklif qilgandi. U striming imkoniyatlari va taxmin qilingan voqea uchun qadimiy muhit haqida gapirib, Italiya Bosh vaziri Giorgia Meloni bilan gaplashganini aytdi. Biroq vazir bu suhatni rad qilib, hech qanday holatda kolizeyda jang qilib bo’lmasligini ma’lum qildi.
39 yoshli Facebook asoschisi Mark Sukerberg anchayin jiddiy “jangchi” bo’lib, allaqachon aralash yakkakurashlar (MMA) bo’yicha shug’ullangan, shuningdek, 2023 yil boshida u jiu-jitsu turnirlarida ham g’olib chiqqan.