image0

Sibirda tadqiqotchilar 50 ming yildan ortiq vaqt davomida muzlik qatlamida saqlanib qolgan yosh mamontning qoldiqlarini topdi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu jonzot Batagaika krateridan topilgan. Bu krater 80 metrdan ortiq chuqurlikka ega bo‘lib, iqlim o‘zgarishi natijasida kengayib bormoqda.

Jonzotning o‘limi 50 ming yil oldin sodir bo‘lgan. Yakutsk shahridagi Lazarev mamont muzeyi laboratoriyasining rahbari Maksim Cherpasovning so‘zlariga ko‘ra, tana og‘irligi 110 kilogramdan ortiq bo‘lgan mamont qoldiqlari maxsus tayyorlangan stretcherdan foydalanib yer yuzasiga olib chiqilgan. Cherpasov mamont o‘limidan oldin ehtimol bir yoshga to‘lgan bo‘lishi mumkinligini, ayniqsa uning bosh va dumining yaxshi saqlangani noodatiy holat ekanini aytgan.

“Odatda eng avvalo eriydigan qism, ayniqsa dum, ko‘pincha yirtqichlar yoki qushlar tomonidan yeyiladi. Oldingi oyoqlar allaqachon yemirilgan bo‘lsa-da, bosh juda yaxshi saqlangan”, deydi Cherpasov.

Ma’lumot uchun, bu Rossiyaning muzlik qatlamida kashf etilgan boshqa ajoyib topilmalarning so‘nggisi. O‘tgan oyda shu hududda joylashgan Sakha (Yakutiya) mintaqasida 32 ming yil oldin yashagan kichik qirrali mushuk bolasining qoldiqlari topilgan, shu yilning boshida esa 44 ming yil oldin yashagan bo‘ri jasadi aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyatidagi Jirg‘alon daryosi tekisligida karer qazish chog‘ida qadimgi mamontning tish suyagi va jag‘ining pastki qismining parchalari topilgandi.