​ShIFOXONA SINDROMI BOLALAR XASTALIGIMI? (1-qism)

Betob bo’lsak darrov shifokorga murojaat qilamiz. Ayrim hollarda esa shifoxonada yotib davolanishimizga to’g’ri keladi. Bunday vaziyatda shifoxonaning begona muhiti kishi ruhiyatiga ta’sir qilmay qolmaydi. Ba’zan esa ayrim ruhiy buzilishlarga ham sabab bo’lishi mukmkin. Shunday hollardan biri shifoxona sindromi deyiladi.
Xo’sh, bu kasallik ko’proq qanday odamlarda paydo bo’ladi? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, neyropsixolog Zarifboy IBODULLAYEV javob berdi .

 

— Ushbu sindrom yosh bolalarda nisbatan yaqqolroq namoyon bo’lgani bois, bu ibora dastlab kichkintoylarga nisbatan qo’llangan. Keyinchalik esa uning belgilari kattalarda ham kuzatilishi aniqlandi.

Yaqinlaridan uzoqda, haftalab, ba’zan oylab shifoxonada davolanish yosh bola tugul kattalar uchun ham oson emas. Shu ma’noda shifo maskanida bo’lish murg’akning ruhiyati va jismoniy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko’rsatib, unda shifoxona sindromini yuzaga keltirishi mumkin.

Ya’ni bola jisman zaiflashib, turli og’riqlardan shikoyat qiladi va tashqi muhit bilan aloqasi tobora passivlashib boradi. Bemor bola shifoxonadan uyga qaytgach ham ko’chaga chiqishni xohlamaydi, tengqurlari, oila a’zolari bilan chiqishmaydi. Dori ichishga o’ch yoki aksincha muolajalardan bezib qoladi. Qizig’i shundaki, endi bemor uydan ko’ra shifoxonani afzal ko’radi.

— Bemorlarda shifoxona sindromi qanday sabablarga ko’ra kelib chiqishi mumkin?

 

— Bemorda shifoxona sindromi yuzaga kelishining o’ziga yarasha sabablari bor. Ularning asosiylari quyidagilardir:
• surunkali kasalliklar;
• uzoq muddat statsionar davolanish yoki tez-tez shifoxonaga tushish;
• davolanish mahali uydan va tashqi dunyodan uzilib qolish;
• ruhiy kasalliklar bilan og’rish;
• yaqinlar mehriga to’ymaslik yoki aksincha, haddan ziyod g’amxo’rlikdan bahramand bo’lish;
• kasallik tufayli vafot etishdan qo’rqish, ya’ni turli fobiyalar…

— Shifoxona sindromi bolada qanday salbiy o’zgarishlarni yuzaga keltiradi? Bu paytda qanday yo’l tutish kerak?

 

— Agar 5-6 yoshli bola, deylik, 2-3 yil mobaynida ko’p marotaba shifoxonaga tushgan va u yerda bir necha haftalab yotgan bo’lsa, nafaqat jismoniy, balki tengqurlariga nisbatan aqliy rivojlanishdan ham ortda qola boshlaydi.

Buning sababi shubhasiz, bola uy, mahalla-ko’y, bog’cha yoki maktab muhitidan ancha uzoqlashganligidir. Hatto shifoxonaga tarbiyachi o’qituvchi chaqirilib, ta’lim-tarbiya berilganda ham ko’zlangan natijaga erishish mushkul. Chunki bola uzoq muddat davolangani bois “men xastaman” degan fikr miyasiga o’rnashib qoladi va har bir vaziyatga bemor ko’zi bilan qaraydi.

Tibbiyot xodimlari, shuningdek, ota-ona keragidan ortiqcha mehr ko’rsatishi tufayli bolada xudbinlik rivojlanishi ham mumkin. Yoki aksincha, unga yetarli darajada e’tibor berilmasa, yon-atrofdagilarga nisbatan adovat hissi shakllanishi hech gap emas. Demak, bu vaziyatda bolaga g’amxo’rlik ko’rsatishda me’yorni topa olish muhim.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi.