image0

Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan shakarob salati dunyoning eng yomon baholangan 100 ta taomi reytingida 42-o‘rinda qayd etildi. Bu haqda dunyo bo‘ylab taomlar haqida ma’lumot to‘playdigan “Tasteatlas” portalida keltirilgan.

“Shakarob – asli Markaziy Osiyoning oddiy salati bo‘lib, u ayniqsa O‘zbekiston va Qirg‘izistonda mashhur. Tarkibiga pomidor, piyoz, tuz, maydalangan qizil va qora murch kiradi. Pomidor va piyoz yupqa qilib to‘g‘raladi, so‘ng ziravorlar qo‘shilib aralashtiriladi va salat tayyor bo‘ladi. Uni kichik idishlarda yoki go‘sht va guruchga qo‘shimcha taom sifatida tortish mumkin”, deyiladi izohda.

Shu tariqa shakarob reytingda 5 dan 2.6 yulduzga loyiq ko‘rilgan. Dunyoning eng yomon taomi sifatida Skandinaviya mamlakatlarining “Blodplattar”i qayd etilgan. Mazkur qonli blinchiklar Shvetsiya, Finlyandiya va Norvegiya bo‘ylab sevilib iste’mol qilinadi. Ular oddiy blinchik xamiriga hayvon qonini qo‘shish orqali tayyorlanadi.

Shakarob dunyodagi eng yomon taomlar yuzligiga kiritildi1

Shuningdek, ro‘yxatdan Tailandning “Xon mxay” ovqati o‘rin olgan. Bu an’anaviy hasharotlardan tayyorlanadigan taom bo‘lib, ayniqsa, Bangkokda mashhur. Ushbu taom ipak qurtlarini qovurib tayyorlanadi, so‘ngra tuz, murch va ba’zan sotuvchi tomonidan tayyorlangan “sirli” sous bilan boyitiladi. Ushbu gazak odatda ko‘cha aravachalarida sotiladi.

Shakarob dunyodagi eng yomon taomlar yuzligiga kiritildi2

Ma’lumot uchun, “TasteAtlas” ovqatlar reytingi “TasteAtlas” auditoriyasi tomonidan berilgan baholarga asoslangan bo‘lib, haqiqiy foydalanuvchilarni aniqlash va botlar, millatchilik yoki mahalliychilik asosidagi baholarni e’tiborsiz qoldiruvchi mexanizmlar bilan ishlaydi. Shu bilan birga, tizim bilimli foydalanuvchilarni aniqlab, ularning baholariga qo‘shimcha qiymat beradi. Masalan, “Dunyo bo‘yicha 100 ta eng past baholangan taom” ro‘yxati uchun joriy yil 16 yanvargacha jami 602 ming 523 ta baho yozib olingan bo‘lib, shulardan 389 ming 802 tasi tizim tomonidan haqiqiy deb topilgan.