Samolyotda tug'ilgan qizaloqqa aviakompaniyadan ajoyib sovg'a

Ba’zida chaqaloqlar tug’ilish uchun shunchalik «shoshilishadi»ki, ular kutilmagan paytda, kutilmagan joyda dunyoga kelishadi. Xeyven ismli qizaloq ham tezroq yorug’ dunyoni ko’rish uchun Dubaydan Manilaga parvozni amalga oshirayotgan samolyot bortida, samoda tug’ildi.

Bunday noqulay vaziyatga tushib qolgan ekipaj a’zolari vahimaga tushmay, nafaqat homilador ayolga yordam berishdi, balki aviakompaniya tomonidan yangi tug’ilgan qizaloqqa ajoyib syurpriz tayyorlashga ham ulgurishdi.

Homilador ayolning farzand ko’rishiga hali besh hafta bor edi. Ammo Xeyven samoda tug’ilishdek buyuk imkoniyatni qo’ldan boy berishni «istamadi», samolyotning yerga qo’nishiga 5 soat qolganida homilador ayolni to’lg’oq tutdi. Aviakompaniyaning ma’lumot berishicha, bu ekipaj a’zolarining ilk marotaba tug’ruqni qabul qilishi bo’lgan. Ammo shunga qaramay, ular mazkur vazifani a’lo darajada uddalashdi, chunki bort kuzatuvchilari tibbiy yordam ko’rsatish bo’yicha ma’lumotga ega bo’lishadi. Yo’lovchilar orasida bo’lgan hamshira ham ona va bolaga yordam berish uchun qo’lidan kelgancha harakat qildi. Yosh bolali yo’lovchilar esa chaqaloq uchun zarur bo’lgan bolalar kiyimlarini berishdi.

Tug’ruq oson va hech qanday asoratlarsiz o’tdi. Qizaloq tug’ilgandan keyin yosh ona farzandi bilan joyiga qaytib keldi. Samolyot kapitani Xeyven va onasini gospitalga yotqizish uchun rejalashtirilmagan qo’nishni amalga oshirib, samolyotni Hindistonga qo’ndirishga qaror qildi. Bu voqeadan keyin reys kechga qolgan bo’lsa-da, yo’lovchilardan shikoyatlar tushmadi. Aksincha, ular bunday quvonchli hodisaning guvohi bo’lganliklaridan mamnun bo’lishdi.

Hammadan ham ko’proq Xeyvenning omadi keldi. «Cebu Pacific Air» aviakompaniyasi rahbariyati qizaloqqa dunyo bo’ylab, tekin parvozni amalga oshirish uchun million aviamilni hadya etdi. Bu sovg’aning bahosi 108 ming dollarni tashkil etadi. Mazkur aviamilning muddati cheklanmagan, undan nafaqat Xeyven, balki uning barcha oila a’zolari ham foydalanishlari mumkin.

“Kichkintoy Xeyven! Sen ilohiy mo»jizasan, chunki 11 kilometr balandlikda, samoda dunyoga kelding. Dunyoga kelishingga ko’maklashganimiz uchun biz ham juda xursandmiz. Sen bizning eng unutilmas yo’lovchimiz bo’lib qolasan!” deb tilak bildirdi aviakompaniya.

 

manba: darakchi.uz