MAMIR REPChI…

 

Qishloqda shov-shuv

 

O’rta mozor qishlog’ida bugun rostakamiga shov-щuv ko’tarildi. Hammaning og’zida bir gap. «Qishloqqa Mamir repchi kelarmish! Konsert berarmish!» Bolalar, bo’y yigitlar ertalabdan repcha kiyinib stadion atrofida keza boshladi. Mahalla oqsoqoli Madamin maymoq ajriq bosgan qishloq stadionini it-mushuk, mol-qo’ylarning axlati, daraxt barglaridan tozalattirib tayyor qildi. Qariyalar esa hayron. «Repchisi kim ekan?» deb bosh qotirishdi. Shunda Do’ltavoy degan otaxon ularga uqtira boshladi.

— Shuniyam bilmaysanlarmi, nodonlar? — qariyalarga tanbeh berdi Do’ltavoy ota. — O’rischani o’qish kerak edi, qishlaqilar! Repchi degani sholg’om ekadigan odamga aytiladi. Lokigin, bir narsaga hayronman. Kanset bo’ladi deyishyapti! Hoynahoy, o’sha sholg’omchi yigit ashulayam aytib tursa kerak…

Oldingizdan qora mushuk yugurib o’tganchalik vaqtdan so’ng birdan stadionda shovqin-suron bo’lib ketdi. Yosh-yalang ajriqqa tiz cho’kib oldi-yu, baravar baqira boshladi.

— Ma-a-mi-i-ir!!! Voy-do-o-o-od, Mami-i-i-ir!!!

Qariyalar hayron.

— Ie, nimaga bular tizzalavolib baqirib qolishdi? Tinchlikmikan? Yo repchisiga bir balo bo’ldimikan? — deyishgancha oldinga yurishdi. Shunda maxsus sahnada egniga tizzalari, ikki yonboshi yirtilgan jinsi, futbolka kiygan, boshiga durra tang’ib, ustidan kepkasini qiyshaytirib qo’ndirib olgan uzun bo’yli yigit, yonida tor shimli, futbolkali bir qiz paydo bo’ldi. Qizning futbolkasini tikishayotganda mato yetmay qolganmi, qorni ochilib qolibdi.

Do’ltavoy ota ularni ko’rdi-yu, yonidagi tengqurlariga maqtandi.

— Ana, aytmadimmi sholg’omchi deb? Ko’rlaring, sho’rlik yigit shoshilibdi shekilli, sholg’om terib turgan yeridan to’g’ri kelaveribdi. Ana, ustidagi kiyimlariga qaralaring, dala kiyimi! Yoshlar to’g’ri daladan kelganiga achinib baqirishyapti chamasi!

Mamir repchi yig’ilganlarga tek qarab turdi-da, mini diskdan taralayotgan musiqa jo’rligida ashulasini boshladi:

— Xello, privet, salom! Muncha baqirmaseyla! Kotta xoleylaga to’y keldimi? O’ziylani bosvoliyla-a-a-a!!!

Shunda yonidagi tor shimli qiz xonish qila ketdi:

— Azizim, xapa bo’lishmasin! Ustimizdan kulishmasin! Axir, ular muxlislar, kanset o’tgach, chochimizni yulishmasin!

Qo’shiqdan ta’sirlandimi, yosh-yalang battarroq ajriqqa tiz cho’kib baqirdi:

— Muhabbat haqida bo’se-en!!!

 

Sevgi haqida qo’shiq

 

Mamir repchi mikrofonni og’ziga xuddi yeb qo’ygudek darajada yopishtirib oldi-da, stadiondagilarga so’z qotdi:

— Mani uvajat qip keganiylaga rahmat, aziz fanatlarim! Hozir talabiylaga ko’ra muhabbat haqidagi xit ashulamizani aytib beramiza! Tolko boru, terpet qiliyla!

Shunday deb yonidagi tor shimli qizga ko’z qisib oldi va ko’ziga qora ko’zoynagini ilib xonish boshladi:

— Sevgile-em! Voy-voy-ey-y! Kecha nochda tomorqangga chiquvdim, otang qo’liga palkasini ole-eb ganyat qip tashadi-ku!! Pochemu? Nega? Za shto quvadi, nimaga? Endi nima qilaman? Kagda seni ko’raman? Gapi-i-i-ir!!!

Repchiga javoban qiz ashula ayta ketdi:

— Quvg’inga uchramay desangiz, yarim tun keling edi! Otamning fe’lini biling edi! Aja-ab bo’lsin endi, aja-ab bo’lsin!

Stadiondagi yosh-yalang qo’shiqdan sarmast bo’lib hushtak aralash qichqirdi:

— Do-od!!! O’lib qola-ma-a-a-an!!!

Bo’y qizlar esa o’z holicha qichqiradi:

— Mamir aka-a-a-a-a!!! O’ldirdingi-iz meni-i-i-i!!! Mamir aka-a-a-a-a!!!

Muxlislari qichqirig’idan ruhlanib ketgan repchi shartta yangi qo’shiqqa o’tdi:

— Anavi Temirboyni lyubovnitsasi tashlab qochibdi! Kechasiminan itlardan ubegat qiganlari kapeyka bo’pti! Bechora mujik! Alamda qop ketdi-ku, Savri-i! Kimga dardini aytsin endi, kimga?

Qiz qo’shiqni davom ettiradi:

— Temirboyiz o’zi qaysariydi-de! O’ylamay qadam bosariydi-de! Yuradigan qizi tish qo’ydirib qo’ying desa, jahli chiqib ketib oxirgi tishiniyam sindiribdi-de! Sho’rlik qizning chakagini tindiribdi-de!

Mamir repchi nihoyatda ilhomlanganidanmi, yugurgancha yosh-yalang oldiga tushdi va bo’y qizlarga qarab ashula ayta ketdi:

— Zuhra, openg qani? Zahro, openg qani? G’irt jinni qip tashadi-ku o’sha openg mani! Chaqi-i-ir opeyni, chaqi-i-ir! Agar chiqmasa bor-u, duxini sindiraman opeyni, javob, javob, javob!!!

Yonidagi tor shimli qiz unga javoban yana ashula boshladi:

— Opam semichkada! Opam semichkada! Ko’pam bushevat qiluvrmeng! Siz ja chiranuvrmeng! Adamizayam yonida! Duxini sindiromiysiz! Opamni ko’ndiromiysiz!..

 

Otaxonlar davrasida

 

Madamin maymoq qariyalarning talabini inobatga olib Mamir repchini ular davrasiga olib chiqdi. Do’ltaboy ota repchining atrofini aylana-aylana bosh qashib so’radi:

— Bolam, manavilarga aytib qo’y, sholg’omchisan desam ishonishmayapti! O’zing ayt!

Mamir repchi beo’xshov kulib qo’ydi-da, ritmda javob bera boshladi:

— Otaxonla, xello, privet, salom dimaseylayam, alik omaseylayam, silani hurmatliymiza, ardoqliymiza! Senit qilamiza!!!

Yo’lchi sartarosh degan qariya hayron bo’lib yonidagilarga bir qarab oldi-da, repchiga savol tashladi:

— Bolam, qaysi tilda gapiryapsan o’zi? Tushunmadik-ku!

Uni Madamin maymoq turta-turta uqtirgan bo’ldi:

— Ovsar, shahar tilida gapiryapti! Qishlaqisan-da, til bilmaysan! O’rgan!

Yo’lchi sartarosh uning tanbehiga e’tibor qilmay, sannay-sannay ortga tislandi:

— Sochingam to’kilib ketibdi! Sholg’ompoyadayam manavinday durra tang’ib yurgan bo’lsang, qanaqasiga soching to’kilishi mumkin! Qatiqlab yuvib turish kerak, bolam sochni!

Mamir repchi bu tanbehlar yoqmadi shekilli, yonidagi qizga qarab norozi xirgoyi qilgancha stadiondan chiqib keta boshladi:

— Vey, xit qivorishdi bula mani! Otstalie vse! Qolog’akan, qoloq! Yur, jonim, yur, shaharga dobiratsa qiliylu!

Qiz repchiga ergashgancha xuddi shunday xirgoyi bilan javob qildi:

— Nimayam qilardiz? Bulani bilardiz! Keb nima qilardiz? Ha-a, kemaseyiz o’lardiz! Kettu-u-u-u-u!

Olimjon HAYIT

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi “Telegramm” dagi alohida kanalda! Bizga qo’shiling, afsuslanmaysiz!

t.me/olimjonhayit