Rossiya va Xitoy Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasi (IRLS) qurilishi doirasida Oy yuzasida atom elektr stansiyasi (AES) o‘rnatishni rejalashtirishmoqda. Bu haqda “Chan’e-8” kosmik missiyasi bosh muhandisi Peya Chjaoyuya Shanxayda o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qildi.
Xitoy rejasiga ko‘ra, Oyning janubiy qutbida yashashga mo‘ljallangan baza qurilishi uchun asos avtomatik “Chan’e-8” stansiyasi tomonidan qo‘yiladi. Uning uchirilishi 2028 yilga mo‘ljallangan. Dastlabki bosqichda Oyga qo‘nuvchi modullar, lunoxod va Oy resurslari hamda relefini o‘rganish uchun mo‘ljallangan robot yuboriladi. Bu vositalar stansiya va qurilish uchun zarur materiallar yetkazib beradigan kosmik kemalarning qo‘nish joyini aniqlash uchun xizmat qiladi.
Ikkinchi bosqichda Oy stansiyasini boshqarish markazini tashkil etish, katta hajmdagi yuklarni Oyga yetkazish, energiya ta’minoti, aloqa va transport xizmatlarini ko‘rsatish uchun orbital modullar yaratish rejalashtirilgan. “Roskosmos”ning xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Sergey Savelevning aytishicha, masofadan boshqariladigan bu stansiyani to‘liq qurib bitkazish 2036 yilga mo‘ljallangan. Unga ko‘ra, Oy bazasi “Oy yuzasini o‘rganish va undan foydalanishga qaratilgan ko‘p sohalik va ko‘p maqsadli ilmiy-tadqiqot ishlarini” olib borish uchun mo‘ljallangan.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Xitoy Oy stansiyasi yaratish bo‘yicha hamkorlik memorandumini 2021 yil mart oyida imzolagan. 2024 yil iyun oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ushbu kelishuvni ratifikatsiya qildi. Bungacha “Roskosmos”ning sobiq rahbari Yuriy Borisov Rossiya mutaxassislari Oy bazasi uchun yadroviy energiya tizimini ishlab chiqishni boshlab yuborganini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Moskva va Pekin bu tizimni 2033-2035 yillar oralig‘ida Oyga yetkazib borib, o‘rnatishni rejalashtirmoqda. Borisovning aytishicha, Rossiya tomoni bunday tizimni yaratish uchun zarur bo‘lgan texnologik masalalarning deyarli barchasini hal qilgan.
2024 yilda Xitoy-Rossiya loyihasiga 12 davlat qo‘shildi, ular orasida Belarus, BAA, Pokiston, Turkiya, Janubiy Afrika va boshqalar bor. Kelajakda Xitoy loyihaga 50 davlatdan 500 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot institutlari va qariyb 5 ming xorijiy tadqiqotchini jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyga tegishli “Chan’e-6” zondining qo‘nish va uchish moduli tuproq yig‘ish missiyasi doirasida Oyning narigi tomonida to‘plangan tuproq namunalarini Yerga olib qaytgandi. “Chan’e-6” tushirilgan tuproqli kapsula Xitoy shimoliga, Ichki Mo‘g‘uliston avtonom viloyatiga qo‘ngan. Shu bilan Xitoy Oyning uzoq tomonidan namunalar to‘plagan va Yerga olib kelgan birinchi davlatga aylandi.