Rossiya AQShga NATOning sharqqa kengaymasligi bo’yicha kafolat berish o’rniga Ukraina va Gruziyaning alyansga kirishiga ovoz bermaslik majburiyatini olishni taklif qiladi. Rossiya tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Sergey Ryabkov ana shunday bayonot berdi.
«Bu Ukraina va Gruziya NATO a’zosi bo’lishi to’g’risidagi 2008 yilgi Buxarest sammitining mashhur formulasi hisoblanadi. Mana shu narsa istisno qilinishi kerak. Agar AQSh bir tomonlama tartibda Ukraina va boshqa mamlakatlarning NATOga kirishiga hech qachon ovoz bermaslik majburiyatini oladigan bo’lsa, bu yo’lni ham ko’rib chiqishga tayyormiz», – dedi u.
Ryabkovning fikricha, bu AQSh uchun «ancha osonroq yo’l» bo’ladi.
«Bizga NATOning kengaymasligini AQSh bilan ikki tomonlama shartnoma va NATO bilan shartnomaviy kelishuv shaklidagi yuridik jihatdan kafolatlaydigan hujjat kerak», – dedi Ryabkov.
U Rossiya xavfsizlik kafolatlari bo’yicha takliflariga g’arbning javobini kutayotganini eslatib o’tdi.
«Biz uchun birinchi navbatda NATO kengaymasligi bo’yicha huquqiy kafolatlar, alyansning 1997 yildagi chegaralarga qaytishi va chegaralarimiz bo’ylab zarba beruvchi vositalar joylashtirilmasligi masalasi borasida ishonchli yechim zarur. Qolgani bu yo’nalishdagi harakatlarga bog’liq», – dedi u.
NATO va AQSh Rossiyaning bu talablarini nomaqbul deb hisoblamoqda.