O’zbekiston Milliy avtomobil klubi (O’zMAK) Xalqaro avtomobil federatsiyasi – FIAning teng huquqli a’zosi bo’lgach, hamyurtlarimiz uchun FIA shafeligida o’tadigan musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati oshdi, deya yozmoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
«So’zimizning tasdig’i sifatida o’zbekistonlik pilot Ismoil Ahmadxo’jayev mamlakatimiz tarixida ilk bor Formula-4 chempionatida qatnashayotganligini aytish mumkin.
F-4 UAE Championship musobaqasi Xalqaro avtomobil federatsiyasi – FIA ko’magida bir oy davomida Birlashgan Arab Amirliklarining ikki shahri – Dubay va Abu-Dabida o’tkaziladi. Poygalar Formula-1 trassalarida, ya’ni «Yas Marina» va Dubay avtodromida tashkil etiladi.
Eng yuqori xavfsizlik standartlariga rioya qilingan holda hamda xarajatlarni me’yor darajasida ushlab turish orqali tashkil etiladigan F-4 UAE Championship chempionati yosh poygachilarga xalqaro miqyosda tan olingan trassalarda o’z mahoratini oshirish hamda formula toifalarida o’z faoliyatini boshlash uchun yetarli vaqt davomida mashq qilish uchun ideal platformadir. Dastlabki uchta mavsumda ishtirok etgan ko’plab avtopoygachilar allaqachon Formula-4 va Formula-3 bo’yicha Yevropa chempionatlarida o’z omadlarini sinab ko’rishmoqda.
F-4 UAE Championship chempionati Ismoil Ahmadxo’jayevga o’z iqtidorini ko’rsatish va kelajakda FIA super litsenziyasini qo’lga kiritish uchun chempionlik ochkolarini jamg’arish yo’lida ajoyib imkoniyatdir», – deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Formula-1 pilotlari FIAning super litsenziyaga ega bo’lishadi.