Qozog’istonning Turkiston viloyati O’tror tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktika davomida Qoraqo’ng’ir qishlog’i hududida dorivor ferula ya’ni kovrak (bu o’simlik shifobaxsh bo’lib, astma va nerv kasalliklarini davolovchi dori vositalarida ishlatiladi) terayotgan 51 nafar chet elliklar aniqlandi. Ulardan 31 nafari O’zbekiston fuqarolari ekanligi aytilgan, deya yozmoqda Uzreport nashri.
Politsiya fuqarolarni zudlik bilan tuman bo’limiga yetkazib, ma’muriy bayonnomalar tuzgan.
Unga ko’ra, qonunbuzarlar Qozog’iston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 517-moddasi (Chet ellik yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxs tomonidan aholi migratsiyasi sohasidagi qonunchiligini buzish) ga binoan sud qarori bilan davlatdan chiqarib yuborilgan.
Shuningdek, Turkiston viloyati ichki ishlar organlari tomonidan huquqbuzarliklarni aniqlash bilan birga, xorijlik fuqarolar va ish beruvchilar bilan profilaktik tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.