image0

Kecha, 4 mart kuni “qonli Oy” tutilishining taxminiy sanasi 2025 yilning mart oyi ekani ma’lum qilindi. Bu haqda “Live Science” xabar berdi.

Joriy yilning taxminan 13-14 mart kunlari Yerda to‘liq Oy tutilishi kuzatiladi. Bu 2022 yildan keyingi ilk to‘liq Oy tutilishi bo‘lib, ushbu jarayon davomida Oy yuzasi qizg‘ish tusga kirib, “qonli Oy” hodisasi yuzaga keladi. Tutilish umumiy hisobda olti soat, to‘liq faza bo‘yicha esa 65 daqiqa davom etadi.

Qayd etilishicha, tutilishning eng yaxshi ko‘rinadigan joylari Shimoliy va Janubiy Amerika bo‘ladi. Yevropaning ba’zi hududlari Oy botishida qisqa muddatga, Sharqiy Osiyo esa Oy chiqishida ushbu jarayonni qisman kuzatishi mumkin. Tutilishning eng muhim nuqtasi Tinch okeani hududida joylashgan bo‘lsa-da, Amerika qit’asining aholisi hodisani to‘liq tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yevropa, Afrika va Sharqiy Osiyo mintaqalarida esa Oy tutilishini qisman kuzatish mumkin.

Ma’lumot uchun, Oy tutilishi paytida uning qizg‘ish tusga kirishi yorug‘lik tarqalish jarayoni bilan bog‘liq. Xususan, eng kichik zarrachalar yorug‘likning to‘lqin uzunligidan taxminan o‘n barobar kichik bo‘lsa, ular qisqa to‘lqinli yorug‘likni (masalan, ko‘k rangni) kuchliroq tarqatadi. To‘liq Oy tutilishi vaqtida Quyosh, Yer va Oy to‘g‘ri chiziq bo‘ylab joylashadi, shunda Yer Quyosh nurlarini Oygacha yetib borishiga to‘sqinlik qiladi. Biroq, Quyosh nurlari Yer atmosferasi chekkalari orqali o‘tib, Oyga yetib boradi. Shu jarayonda atmosferadagi zarrachalar qisqa to‘lqinli (ko‘k) yorug‘likni tarqatib yuboradi va faqat uzun to‘lqinli (to‘q, sariq va qizil) yorug‘lik Oy yuzasiga yetib boradi. Natijada, Oy qizg‘ish tus oladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikaning Blue Ghost kosmik kemasi Oyga muvaffaqiyatli qo‘ngandi va Yerga birinchi fotosuratlarni yuborgandi.  Fotosuratlardan birida Oyda Quyosh chiqishi aks etgan. Bu muvaffaqiyatli qo‘nish tarixda ikkinchi xususiy kompaniya tomonidan amalga oshirilgan Oy missiyasi bo‘lib, avvalgilardan farqli ravishda ilk bor to‘g‘ri holatda qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan.

Sara Komiljonova