2025 yilning 2 mart kuni Amerikaning Blue Ghost kosmik kemasi Oyga muvaffaqiyatli qo‘ndi va Yerga birinchi fotosuratlarni yubordi. Fotosuratlardan birida Oyda Quyosh chiqishi aks etgan. Bu haqda NASA xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu muvaffaqiyatli qo‘nish tarixda ikkinchi xususiy kompaniya tomonidan amalga oshirilgan Oy missiyasi bo‘lib, avvalgilardan farqli ravishda ilk bor to‘g‘ri holatda qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan.
Blue Ghost Mission 1 apparati Grinvich o‘rtacha vaqti bilan soat 08:34 da Oyning shimoliy-sharqiy qismiga qo‘ngan. Missiyaning boshqaruv markazi Firefly Aerospace xususiy aerokosmik kompaniyasi bo‘lib, AQSHning Texas shtati Ostin shahrida joylashgan. Kompaniya bosh direktori Jeyson Kim apparatning “barqaror va tik holatda” turganini tasdiqlaganida, jamoa olqish bilan kutib olgan.
“Bu voqea 2024 yilning fevral oyida Oyga qo‘ngan Intuitive Machines kompaniyasining xususiy missiyasidan farqli bo‘ldi. O‘sha paytda apparat yiqilib tushgan va bu holat AQSHning 1972 yildagi Apollo 17 ekipaji oyga qo‘nganidan keyin ilk Oy missiyasining muvaffaqiyatini soya ostida qoldirgandi”, deyiladi xabarda.
Dastlabki suratlarda Oy yuzasi dag‘al va kraterlar bilan qoplangani ko‘rinmoqda. Missiya davomida Blue Ghost ushbu murakkab hududdan yakka harakatlanib, tezligini soatiga minglab milyadan 2 mph (3,2 km/h) gacha sekinlashtirgan.
Missiya NASA bilan 2,6 milliard dollarlik hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilgan. U “Artemis” dasturini qo‘llab-quvvatlash va Oyga astronavtlarni qaytarish xarajatlarini kamaytirish maqsadida amalga oshirilgan.