Bugun 8 mart — ayollar bayrami. Har doimgi e’tibor, mehr, degan so’zlardan qochib javob bering-chi, sizningcha, ayollar uchun eng yaxshi sovg’a nima? Ko’pchilik bir dasta gul, deyayotgan bo’lsa kerak. Ammo orangizdagi shoirlar: «Ayollar uchun eng yaxshi sovg’a unga atab yozilgan she’r», deyishayotgan bo’lsa, san’atkorlar: «Uning nomiga kuylangan qo’shiq», deb javob berayotgan bo’lsa, ajab emas. Darhaqiqat, inson uchun dunyodagi eng yoqimli so’z — uning ismi. Shunday ekan, ismiga atab qo’shiq kuylansa, bunga hech bir ayol befarq bo’la olmasligi aniq.
Mahmud NAMOZOV va’dasini bajarmadi!
O’zbekiston xalq artisti Mahmud Namozovning millionlab muxlislari bor. Muxlislarining 80%ini ayollar tashkil etadi. Eng qizig’i, muxlisalarning ismini so’rasangiz, aksariyatining ismi yo Maxfira, yo Dilrabo bo’lib chiqadi. Nega deysizmi? Agar sizning ham ismingizga atab qaysidir san’atkor qo’shiq kuylasa, uning muxlisasiga aylanishingiz aniq edi.
Qolganlari esa xonandaning:
«Istasang bu falakdan oyni olib beraman,
Yulduzlardan bo’yningga marjon taqib qo’yaman…»
degan va’dalariga ishongan ayollar bo’ladi. Mahmud Namozov bu va’dalarni ancha yillar ilgari bergan bo’lsa-da, ammo guvohi bo’lganingizdek, hali-hamon bu gapining ustidan chiqa olgani yo’q. Yoki xonanda «Aytdim, qo’ydim-da», deb o’sha paytdayoq bergan va’dalarini unutib yubordimikan?..
«Rayhonlar, aldovlarga ishonmang!»
O’zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovni barcha ayollar yaxshi ko’radi, desak, mubolag’a bo’lmaydi. Chunki bu xonandaning deyarli barcha taronalari ayollarni sharaflab kuylangan. Biroq hammadan ham ko’proq Ozodbek Nazarbekovga Rayhon ismli qizlarning hurmati cheksiz bo’lsa kerak. Axir
«Rayhon, senga uylanaman…»
deb turgan san’atkorni yomon ko’rib bo’ladimi?!
Qizlar ham anoyi emas, Adham Soliyev!
Vohaning mard o’g’loni Adham Soliyevni ham qizlar orzusidagi shahzoda deyish mumkin. Biroq oxirgi paytda bu xonanda «Hamma narsani ham pulga sotib olib bo’lmaydi», degan gap naqadar to’g’ri ekanligini chuqurroq anglab boryapti, nazarimizda. Ko’ziga yo’l tikkan sanamlarga qiyo boqmay, suymaganga suykalgan Adhamning sevgisi mahbubalar tomonidan qabul qilinmadi. Xonanda otasidan so’ramay, qo’radagi yuzta qo’yni avval Layloga, keyin Sayyoraga, undan so’ng ketma-ket Shahzoda orqali Ziyodaga va nihoyat, Mohiraga va’da qilib yubordi. Biroq omadsizligi sababmi yoki hadeb boyligini ko’z-ko’z qilgani uchunmi, har safar sevgan yoridan ayrilib qolaverdi. Bizningcha, xonandaning qizlardan quruq qolayotganiga ham sabab bor. Hozirgi qizlar ham anoyi emas. Bugun bitta sanamning ishqida yonib kuylagan xonanda, ertasiga darrov o’zgarib, butunlay boshqa qizning nomiga qo’shiq kuylasa, unga ishonib bo’ladimi?
Biroq, nima bo’lganda ham, bugun Adham Soliyev Laylo, Sayyora, Shahzoda, Ziyoda va Mohiralarning sevimli xonandasi bo’lib yuribdi. Ha, darvoqe, bu qanchalik to’g’ri bilmadig-u, xonandaning aytishicha, qaysidir sevgilisi vaqt o’tib, o’g’liga Adham deb ism qo’ygan emish.
Ro’molli Zuhralarning maqsadi nima?
«Hamisha bahor» deya ta’rif beriladigan Alisher Fayz muxlisa qizlarning yoqimtoyi hisoblanadi.
Oxirgi paytlarda bu xonanda qo’shiqlarida hadeb rafiqasini savolga tutayotgan bo’lsa-da, ammo bir necha yillar oldin barcha Dilafro’z va Zuhraxon ismli qizlarni quvontirib yurgani haqiqat. Ehhe, uning qo’shig’idan so’ng nimalar bo’lmadi, deysiz?! Alisher Fayzning yonidan o’tayotgan barcha Zuhra ismli qizlar boshiga ro’molni nomiga tandib o’tadigan bo’ldi. Shamol bo’lib ro’mol uchib ketsa, uning ortidan xonandaning yugurishini ko’rish maqsadida. Kishi yillar o’tishi bilan bosiladi, deyishadi. Bugun Alisher Fayzning qizlar ismiga qo’shiq kuylamayotgani sababi yo bosilib qolgani, yoki bo’lmasa, oldidan oqayotgan suvning qadrini anglab yetgani bo’lsa kerak.
Noyob ismli qizlar erkatoyi
Jasur Umirov har doim mish-mish va g’avg’olar markazida bo’lishiga qaramay, qizlarning bu xonandaga bo’lgan mehr-muhabbati cheksiz.
Ayniqsa, Jasurni noyob ismga ega bo’lgan qizlarning haqiqiy erkatoyi, desak, adashmaymiz. Bugun Jasur Umirovning qo’shiqlarini Billura, Oysha, Hanifa, Jumagul, hatto Oysara opalar ham maza qilib tinglashadi. Aytgandek, eshitishimizga qaraganda, xonandaning rossiyalik muxlisalari soni ham anchagina ekan. Ular Jasur Umirovni:
«Masha, Masha, yur ketamiz, Masha,
Masha, Masha, gul beraman, Masha.
Masha, Masha, qiynamagin, Masha,
Masha, Masha, seni sevaman, Masha…»
deb kuylaganidan so’ng muxlis bo’lib qolishgan bo’lsa ajab emas.
Ammo xonandadan ranjigan, qo’shiqlarini umuman eshitmaydigan qizlar ham yo’q emas. Axir qizlarga «O’g’ri» deb tuhmat toshini otgan xonandaning bu gaplariga chidab bo’ladimi?!
Kuyga solingan qizlar ismi
(mashhur qo’shiqlar):
Ustoz san’atkor O’zbekiston xalq artisti Kamoliddin Rahimov — «Nargiz»;
«Bayram» guruhi — «Lola-yu, Dildora, Muqaddas»;
«Bolalar» guruhi — «Malika»;
Yodgor Mirzajonov — «Gulnoza»;
Shohruhxon — «Gullola»;
Sardor Mamadaliyev — «Farangiz»;
Farrux Komilov — «Taram-taram» (bu qo’shiqda 18 ta qizlar ismi bor)…
Xullas, bahor bayramida qizlarning birortasi xafa bo’lib qolmaydi. Sababi, guvohi bo’lganingizdek, bugun deyarli barcha qizlar ismiga qo’shiq kuylangan. Bu taronalarda o’z ismini uchratmagan qizlar esa keyingi yilni intizorlik bilan kutaversin. Chunki tinib-tinchimas, yangilikka o’ch xonandalarimiz, bu yil bo’lmasa, kelasi yil, albatta, bu orzungizni amalga oshirishadi. Bayramingiz muborak bo’lsin, lobar ayollar!
FARINABONU
(“Hordiq plyus” gazetasi xazinasidan)