Xalqimiz orasida ham shaxmat haqida ko’plab rivoyatnamo gaplar yuradi. Masalan, qadimda ikki do’st bo’lib, ikkalasi ham shaxmat o’ynashga mukkasidan ketgan ekan. Hatto ulardan biri izg’irin qish kunlarida 30 chaqirim naridan ot bilan sheriginikiga kelib shaxmat o’ynab ketishni kanda qilmaskan.
Bir kuni ular yarim tungacha shaxmat o’ynab ham bir-birini yenga olmabdi. O’yinni ertasi kuni davom ettirishga kelishib olishgach, sherigi yarim tunda otiga minib, uyga qaytibdi. Xayolidan tugallanmay qolgan o’yin hech ketmasmish. Endi uyiga yetay deb qolganda, otini qurbon qilib, do’stini mot qilishi mumkinligi xayoliga kelib qolibdi. G’oliblik lazzatidan sarmast bo’lib, uyga ham kirib o’tirmay, yana do’stinikiga qaytib boribdi. Tong qorong’isida xijolatomuz eshikni taqillatsa, do’stiyam uxlamagan ekanmi, «Qaytib ketaver, baribir otingni olmayman», degan ekan.