Tarixga murojaat etadigan bo’lsak, qadimiy Misr vrachlari Gretsiya, Rimda ham mashhur bo’lgan. Ular aslida tibbiyot ilmini chuqur o’zlashtirmagan. Shunga qaramay, ular Yevropa vrachlaridan-da kuchliroq bilim, salohiyatga ega deb hisoblanishgan.
Tibbiyot o’shanda ko’p hollarda xudolarga sig’inish, duolar o’qishga asoslangan. Ko’p xastaliklarga qarshi aynan duo yordamida kurashishgan.
Murdani mo’miyolash ilmidan xabardor odamlar vrachlarga inson ichki a’zolari nimalardan iboratligini hech qachon oshkor etmagan. Bu ham o’sha zamon vrachlariga xasta odamni tuzatishga jiddiy xalal bergan. Umuman olganda, vrachlar inson organizmi haqida u qadar qiziqishmagan ham.
Ular asosan jarohatlarni davolashga usta bo’lishgan. Biroq xavfli xastaliklar qarshisida baribir ojiz qolaverishgan.
Ko’z xastaliklari odam miyasi va asal aralashtirilgan qorishma asosida davolangan. Odam miyasini ular qaerdan olishi esa hanuz sirligicha qolib ketdi.
Qadimiy misrliklarni karies tish xastaligi ham doimo qiynab kelgan. Ovqat tarkibida qumning ko’p miqdorda bo’lishi bolalikdanoq tishlar to’kilishi, kasallinishini ta’minlagan. Tish og’rig’ini qoldirish uchun vrachlar asal va giyoh aralashmasidan foydalanishgan.
Qizig’i, o’sha paytda ham tish pastasi bo’lgan. Faqat uning tarkibi boshqacha. Ko’mir kukuni, tuxum po’chog’ining maydalangan kukuni, kukunga aylantirilgan buqa tuyog’idan tish pastasi tayyorlangan.
Qadimiy Misr vrachlari jarrohlik san’atidan ham yaxshigina xabardor bo’lishgan. Ular singan suyaklarni butuniga almashtirish, terining yirtilgan yerlarini tikish va shu kabilarni yaxshi o’zlashtirishgan. Ammo yuqumli kasalliklar qarshisida ojiz qolishgan.
O’g’il bolalarni sunnat qilish amali ham vrachlarga bir qator muvaffaqiyatsizliklarni keltirib chiqargan. O’g’il bolalar asosan 10-14 yosh oralig’ida sunnat qilingan. Lekin infeksiya tushsa, shamollasa vrachlar bu muammoni bartaraf etish bilimidan mosuvoliklari sababli qo’l siltashdan nariga o’ta olishmagan. Infeksiya yoki shamollash oqibatida olamdan o’tgan go’dakni xudolar chaqirib olganga, taqdirda boriga yo’yib qo’ya qolishgan.