image0

Yaqin kunlarda Yerga sovet davrida Venera sayyorasiga yo‘naltirilgan, biroq avariya tufayli orbitada qolib ketgan “Kosmos-482” kosmik apparati qulab tushishi kutilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Taxminlarga ko‘ra, 495 kilogramm og‘irlikdagi modul may oyining birinchi yarmida Yerga qulaydi. Mutaxassislarning fikricha, apparat qismlarining aholiga yashash joylariga tushish xavfi mavjud.

Mazkur kosmik stansiya 1972 yil 31 mart kuni Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan “Venera-8” dasturi doirasida uchirilgan. Bu qurilma asosiy apparatning zaxira nusxasi bo‘lgan va uning tuzilmasi bilan to‘liq mos kelgan. Asosiy zond Veneraga yetib borib, o‘zining ilmiy vazifalarini muvaffaqiyatli bajargan, biroq “Kosmos-482” Yer orbitasini tark eta olmagan. Buning sababi shunda ediki, undagi yordamchi tezlatkich to‘liq quvvat bilan ishlamagan va stansiya Yerni tark etmay, orbitada qolib ketgan.

O‘sha yillarda muvaffaqiyatsiz missiyalar ko‘pincha “Kosmos” sun’iy yo‘ldosh seriyasi nomi ostida yashirilgan. Shuning uchun ham apparat “Kosmos-482” deb qayta nomlangan. NASA ma’lumotlariga ko‘ra, uchirilgach, apparat to‘rt qismga ajralgan: ulardan ikkitasi ikki kun ichida Yer atmosferasida yonib ketgan, qolgan ikki qismi esa cho‘zilgan elliptik orbitaga chiqib olgan. Ulardan biri allaqachon Yangi Zelandiyaga qulagan, ikkinchisi, ya’ni aynan tushish moduli 50 yildan ortiq vaqt davomida orbitada saqlanib qolgan.

Ushbu uzoq “hayotiy sikl” apparatning o‘ziga xos mustahkamligi bilan izohlanadi. Modul Veneraning ekstremal atmosferasiga tushishga mo‘ljallangan va kuchaytirilgan issiqlikdan himoya tizimiga ega. Shu bois u atmosferaga qayta kirishda qisman butun holatda qolishi mumkin.

“Yana shuni qayd etish kerakki, kuzatuvlarga ko‘ra, modulning parashyut tizimi allaqachon ko‘p yillar oldin ochilgan bo‘lishi mumkin. Bu esa uning butun holda qolishini yanada noaniq holatga keltiradi”, deyiladi xabarda.

Kosmik uchirishlar monitoringi bilan shug‘ullanadigan ekspert Georgiy Trishkinning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, qulash ehtimoli mavjud hududlar quruqlikda joylashgan, xususan, Misr, Suriya, Turkiya va Ozarbayjon hududlari. Bu esa uchar jismning aholi yashash joylariga qulash ehtimolini oshiradi. Agar modul Yer yuzasiga taxminan 240 km/soat tezlikda yetib kelsa, zarba kuchi bir necha yuz gramm trotil ekvivalentidagi portlashga teng bo‘ladi.

Shuningdek, bu holat “Mir” orbital stansiyasi kabi ob’ektlardan farqli ravishda nazorat ostida bo‘lmagan qulash bo‘lib, uni aniq joyga yo‘naltirish imkoniyati yo‘q. Shu sababli, bu voqea yuzasidan bashoratlar noaniqligicha qolmoqda va mutaxassislar bu hodisaning ehtimoliy oqibatlariga jiddiy e’tibor qaratmoqda.