AQShda bo’lib o’tayotgan NASCAR avtopoygalari ishtirokchilarning ommaviy to’qnashuvi natijasida qisqa muddatga to’xtatishga majbur bo’lindi. Katta tezlikda harakatlanayotgan avtomashinalardan birini boshqarib borayotgan sportchining qo’pol xatosi tufayli yuz bergan to’qnashuv 20 dan ortiq avtomashinalarning poyga yo’lagida tirbandlik hosil qilgan holda bir-biriga urilishiga olib keldi.
Hammasi “Toyota” va “Ford Mustang”ning to’qnashuvidan boshlandi. Keyingi jarayon xuddi “domino effekti” kabi ko’rinish kasb etdi. Musobaqa g’olibligi uchun kurashga kirishganda mashina pedalini oxirigacha bosishga odatlangan shovvozlar tormozni harchand uddaburonlik bilan bosmasin, “tulpori”ni zarbadan olib qocha olmadi. Voqea sekinlashtirilgan kadrlarda tomosha qilinganda, bu jarayonni yanada yaqqol kuzatish mumkin. Ammo qanchalik hayratlanarli bo’lmasin, bunday yirik ko’lamdagi avtohalokatda birorta ham sportchi jarohat olmadi. Ularning barchasi avtoulovlaridan o’zlari mustaqil tarzda chiqib olishdi. Poyga yo’lagi tozalanmaguncha, musobaqani vaqtincha to’xtatib turishga to’g’ri keldi.
Shundan so’ng davom etgan poygalar yakunida “Toyota” jamoasi vakili Denni Xemlin marraga birinchi bo’lib yetib keldi.
Izohlarni ko`rish