Pasport raqami orqali taqdirni bilish mumkinmi?

Zamonaviy insonni hujjatsiz tasavvur etish qiyin. Dunyoga kelganida tug’ilganlik haqidagi guvohnoma, undan keyin maktab attestati, pasport va shu kabi boshqa turli-tuman shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar uning doimiy hamrohiga aylangan. Bu hujjatlarning har biri o’z raqamiga ega.

Numerologiya fanining ma’lumotlariga qaraganda, hujjatlardagi raqamlar ham inson taqdiriga o’z ta’sirini o’tkazar ekan. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport)dagi raqamga qarab, insonning fe’l-atvorini bilib olish mumkin.

Masalan: pasport raqamingiz 1214000 bo’lsa, ularni 1 dan 9 gacha bo’lgan raqam hosil bo’lgunicha bir-biriga qo’shing: 1+2+1+4+0+0+0=8 Hosil bo’lgan raqam 8. Endi shu chiqqan raqamga keltirilgan tarifni o’qib, mulohaza qilib ko’ring! Agar javobi 9 sonidan ortiq chiqsa, chiqqan sonlarni yana alohida qilib qo’shib chiqasiz. Masalan …=15, 1+5=6.

Omad!

1 — o’ziga ishongan, kuchli insonlarga tegishli raqam. Bunday insonlar kirishimli va tengqurlari orasida o’z o’rniga ega bo’la oladigan shaxslardir. 1 raqamli pasport egalari orasida rahbar va boshqaruvchilar ko’plab uchraydi.

2 — shinavanda, qiziqishi hamkasblari va jamoaniki bilan bir xil insonlarning raqami. Ular ishxonaning yuragi bo’lib, jamoaning hamfikr va bir-birini dildan tushunib ishlashlariga sharoit yaratishga harakat qilishadi. Bu insonlar birovning shaxsiyatiga tegmay, ziddiyatli vaziyatlardan chiqib ketishi mumkin.

3 — ijodkor insonlarga xos raqam. Bu raqam egalari orasida jurnalist, o’qituvchi, ruhshunoslar ko’plab uchraydi. Ular notanish inson bilan tezda til topishib ketadigan bo’lishadi. Yaqinlariga ko’p vaqt ajrata olishmasa-da, oiladagi muammolarni osonlik bilan hal etishlari mumkin.

4 — faol insonlarning raqami. Ular hayotlarini bekorchilikda tasavvur ham etolmaydilar. Dam olish kunlarini ham divanda cho’zilib uxlash yoki televizor tomosha qilishdan ko’ra, biror yumush bilan o’tkazishni ma’qul ko’rishadi. Bunday insonlar rahbarlik kursisiga o’tirib qolsa, yordamchilariga ishonmay, har bir ishni o’z nazoratidan o’tkazmaguncha tinchimaydilar.

5 — doimo biror yangilik qidirib yuradiganlar raqami. 5 soniga ega shaxslar omadsizlikka uchrasa ham, o’z intilishlaridan voz kechmaydi. Ularga puli ishdan ko’ra, didlariga mos keluvchi soha ma’qulroq. Ammo ularning qiziqishlari oilada tushunmovchiliklarni yuzaga keltirishi ham mumkin.

6 — o’ziga ham, o’zgalarga ham puxta, aniq va talabchan bo’ladigan insonlarga xos raqam. 6 soni kuchli fe’l-atvor va yirik muassasalarning rahbarlariga mos keldi. Oilada bunday insonlar yonida o’zingizni tog’day suyanchiqqa egaday his etasiz. Ammo ularning o’ta talabchanliklaridan aziyat chekishingiz ham mumkin.

7 — o’ziga ishonadigan va erkinlikni xush ko’ruvchi insonlar toifasiga mos raqam. Agarda bunday insonlar ijodda yoki xususiy ishlarida omadga erishsa, ularning umri baxt-saodatda o’tadi. Bu shaxslar davlat ishida kar’yera qurmoqchi bo’lsa, yetti raqami unga xalaqit berib turadi. Ular faqatgina xususiy ishda omadga erishadi.

8 — xususiy biznesda yuqori omadga erishuvchilar raqami. Pullarning o’zi ortiqcha urinishsiz sakkiz soniga intilib turadi. Huddi shunday raqamli inson bilan turmush qursa, shaxsiy hayotda ham omad ularni tark etmaydi.

9 — hayotda ham, ishda ham omad sari yetaklovchi raqam. Xususiy ishda omadga erishish mumkin, ammo kutilmagan omadsizliklar ham bo’lishi ehtimoldan xoli emas. Eng muhimi, qonunchilik bilan bog’liq muammolar keltirmaslik va tavakkal qilmaslik kerak. Ko’pincha birinchi tanlaganlari shu raqamli pasport egasi bo’lsa, u butun umr sevgi shaydosi bo’lib qoladi.

Bu numerologiya fanining qarashlari, xolos. Shaxsni tasdiqlovchi hujjat raqami doimo ham intilishlar va hayot tarziga to’g’ri kelavermaydi.

Aslida, barchasi taqdirdan!!!

loading…