2023 yil yanvar-may oylarida O’zbekiston va Qozog’iston Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berish hajmini qiymat jihatidan sezilarli darajada qisqartirdi. Bu haqda Xitoy Bosh bojxona boshqarmasiga tayanib TASS xabar berdi.
O’zbek gazining eksporti 60,71 foizga kamayib, 118,63 million dollarni, qozoq gazi eksporti esa 25,4 foizga kamayib, 300,13 million dollarni tashkil qilgan. Gaz ta’minotining fizik hajmi ko’rsatilmagan.
Shu bilan birga, Turkmanistondan gaz eksporti qariyb 13,5 foizga oshib, 4,25 milliard dollarni tashkil etgan. Natijada, bu mamlakat Xitoyga gaz yetkazib beruvchilar orasida birinchi o’ringa ko’tarilgan. Ikkinchi o’rinda Xitoyga 2,81 milliard dollarlik gaz yetkazgan Rossiya joylashgan bo’lib, yillik o’sish 2,12 barobar ko’p.
Uchinchi o’rindagi Myanma gaz ta’minoti hajmini 23,1 foizga oshirib, 630,53 million dollarga yetkazgan. Undan keyingi o’rinlarda Qozog’iston va O’zbekiston bormoqda.
So’nggi yillarda O’zbekiston ichki bozorda talab ortib borayotganligi sababli xorijga tabiiy gaz sotishni jiddiy qisqartirdi. 2020 yilda Rossiyaga eksport butunlay to’xtatildi va Xitoyga yetkazib berish hajmi uch baravarga qisqardi. Bir yil avval Rossiya 6,8 milliard kub metr o’zbek gazini sotib olgan va xarid qilish bo’yicha (5,1 milliard) Xitoydan o’zib ketgan edi.
Hozir O’zbekiston gaz importini oshirmoqda. Xususan, 16 iyun kuni Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi bilan yiliga 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo’yicha ikki yillik shartnoma imzolandi.