Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti olimlari jamoasi Yerdan tashqarida hayot mavjudligiga oid dalillarni aniqladi. Bu dalillar K2-18b ekzoplanetasi atmosferasida mavjud bo‘lgan organik birikmalarda mujassam. Ushbu sayyora Arslon yulduz turkumida joylashgan bo‘lib, Yerdan 124 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Bu haqda universitet portalida e’lon qilingan maqolada keltirilgan.
“Yerda dimetilsulfid va dimetildisulfid asosan dengiz fitoplanktoni kabi tirik mikroorganizmlar tomonidan ishlab chiqariladi. Garchi K2-18b atmosferasida bu molekulalarning manbai noma’lum kimyoviy jarayon bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, ushbu natijalar hayot bizning Quyosh tizimimizdan tashqaridagi sayyoralarda ham mavjud bo‘lishi mumkinligining eng asosli dalilidir”, deyiladi maqolada.
Tadqiqotda NASA ma’lumotlari ham ishlatilgan. 2023 yilda NASA’ning “Jeyms Uebb” teleskopi K2-18b atmosferasida metan va karbonat angidrid mavjudligini aniqlagan. Bu ekzoplaneta atmosferasida uglerod asosidagi molekula birinchi marta aniqlanishi bo‘lgan.
“Biz natijalarimizga juda ehtiyotkorlik bilan qarashimiz kerak, chunki faqat takroriy sinovlar orqali ularga ishonch hosil qilishimiz mumkin”, deydi tadqiqot rahbari, Kembrij universiteti professori Nikku Madxusudxan.
Madxusudxanning so‘zlariga ko‘ra, olingan natijalar katta ahamiyatga ega bo‘lsa-da, Yerdan tashqari hayot mavjudligi haqida qat’iy xulosa qilish uchun yana ko‘plab ma’lumotlar zarur. Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu organik birikmalar tasodifan yuzaga kelgan bo‘lish ehtimoli 0,3 foizni tashkil qiladi. Biroq ilmiy kashfiyot sifatida e’tirof etilishi uchun bu ko‘rsatkich 0,00006 foizdan past bo‘lishi lozim.
K2-18b sayyorasi Yerga nisbatan 2,6 baravar katta va 8,6 baravar og‘irroq bo‘lib, mutaxassislar u okean bilan qoplangan bo‘lishi mumkin, degan taxminda. Sayyoraning harorati Yer sharoitiga yaqin, biroq u shu qadar tez aylanadiki, undagi bir yil atigi 33 kun davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq halqaro olimlar guruhi HD 20794 d ekzosayyorasining kashf etilganini va uning yashashga yaroqli bo‘lish ehtimolini tasdiqlagandi. Ushbu superer sinfiga mansub sayyora Yerdan 20 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan bo‘lib, o‘z yulduzining yashash zonasida harakatlanadi.