Olimjon TO'XTAXUNOV («Tayvanchik»): «MEN «QONUNDAGI O'G'RI» EMASMAN!..»

 

Olimjon To’xtaxunov asli toshkentlik. Hozirgi paytda Rossiyadagi ko’zga ko’ringan tadbirkorlardan biri. Jinoyat olamida «Tayvanchik» laqabi bilan mashhur. O’z davrida Rossiya federal xavfsizlik xizmati tarafidan qidiruvda bo’lgan shaxs. U jurnalistlardan biriga bergan intervyusida o’tmishda o’zining jinoyat olamiga aloqador bo’lganligini qat’iyan rad etdi. Misol uchun 2002 yilgi olimpiya o’yinlarida ruslar g’alaba qilishi uchun hakamlarni pulga sotib olgani ham mish-mish ekanini ta’kidlab o’tdi. Ayni paytda unga Yevropa mamlakatlariga chiqish taqiqlab qo’yilgan. Ammo o’zining aytishicha, Rossiyada ham juda yaxshi yashayapti ekan. Shu bilan birga u bir paytlar qartabozlikning orqasidan qanday boyib ketganini ham sir tutib o’tirmadi.

— Sizni ham jinoyatchi, ham yozuvchi sifatida ta’riflashadi. O’zingiz nima deysiz?

— Birinchi navbatda men tadbirkorman. Futbol jamg’armasi prezidenti va Rossiyada xizmat ko’rsatgan murabbiyman. Bundan tashqari, uchta kitob yozganman. Rossiya yozuvchilar uyushmasi a’zosiman. Ha, meni jinoyat olamida avtoritet ham deb atashadi. Lekin hayotimda bir martayam jinoyat sodir etmaganman. Balki qandaydir gunohlarga yo’l qo’ygandirman. Ammo meni tutib olishgani yo’q. Mana, siz ham men kimnidir o’ldirganimni, yoki nimanidir o’g’irlaganimni isbot qiling-chi! Men tadbirkorman, vassalom!

— Faoliyatingizni qartabozlikdan boshlagansiz. Sobiq sovetlar davrida bu o’yinlar qanday xarakterga ega edi?

— Men aslida faoliyatimni futboldan boshlaganman. Keyinchalik qartabozlikka o’tganman. Shuning orqasidan daromad ko’ra boshladim. Eh, o’sha paytlarda ajoyib odamlar bilan hamsuhbat bo’ldim. Ular nafaqat qarta o’ynash, balki kattadan-katta pullarni tikishga juda qiziqishardi. Masalan, qarta o’yinida sovetlar armiyasi ofitserlaridan tortib vrachlargacha ishtirok etardi. To’g’ri, oramizda «qonundagi o’g’ri»lar ham yo’q emasdi. Biz bekitiqcha hech kimga ma’lum bo’lmagan kvartirada yig’ilardik. Hisob-kitoblarni qog’ozga yozib borardik. O’yinning boshida 100 rubl tikilgan bo’lsa, oxiriga borib bu qiymat 500 rublgacha ko’tarilardi. Yashirmayman, qartabozlikda menga yetadigani yo’q edi. Katta pullarni yutishga erishganman. Yutqazishlar ham bo’lgan. Biroq badavlat do’stlarim ko’p edi. Pullarimni yutqazib qo’ysam, o’shalar menga pul berib turishardi.

— Jinoyat olamidagi qaysi avtoritetlar bilan yaqindan tanish bo’lgansiz?

— Ular orasida «qonundagi o’g’ri» Valeryan Kuchuloriya («Piso»), Yura Suxumskiy, Givi Rezanыy, sobiq sovetlar davridagi birinchi reketchi Mongol bilan ham tanish edim. Mongol bilan do’stlashib ketmagan bo’lsam ham, restoranlarda ko’rishib qolsam, salom-alik qilib turardim.

Ammo men o’g’riboshilarning «obщak»iga pul qo’ymaganman. Do’st edik. Mabodo xastalansa, borib holidan xabar olardik.

— O’sha paytda qimor o’yini qonunga xilof hisoblangan. Qanday qilib qo’lga tushmasdan bu o’yinni o’ynagansiz?

— Biz qancha qonunbuzarlikka yo’l qo’ymaylik, hech kim bilmagan. Qolaversa, qimor pulga o’ynalayotganini birov isbot ham qilib bera olmasdi. Xullas, aqlni ishlatgan holda ish tutardik.

— «Tayvanchik» laqabini qachon va qanday orttirgansiz?

— Futbol o’ynab yurgan paytlarimdayoq menga Tayvanchik deb laqab qo’yib olishgan. Toshkentdagi jamoalardan birida o’ynardim. Bizda hamma o’yinchilarga laqab qo’yilardi. Jinoyatga aloqadorligim masalasiga kelsak, bu jurnalistlarning uydirmasi. Meni shu yo’l bilan obro’sizlantirmoqchi bo’lishgan. Esimda, militsiya biz o’tirgan uylarga qanday bostirib kirardi, qo’lga olishardi. Lekin militsionerlar biz jamiyatga xavf solmasligimizni yaxshi bilishardi. Shuning uchun qo’lga olgandan keyin jarimaga tortishardi-yu, qo’yib yuborishardi. Meni jinoyatga aloqadorlikda ayblashlariga yaqin o’tmishimdagi bir voqea ham sabab bo’lgan. Xullas, biznesmen do’stlardan birining tug’ilgan kuniga borganimizda, to’satdan otishma boshlanib ketdi. Vaholanki, o’sha do’stimning ham jinoyatga aloqasi yo’q edi. U biznesmen edi.

— Balki u ham baribir jinoyat olamiga qaysidir jihatdan aloqador bo’lgandir?

— Hozir istalgan biznesmenni oling, bir tomoni baribir jinoyatga borib taqalaveradi. Chunki yuz foiz halol ishlab pul topish, daromad ko’rish juda qiyin.

— Birinchi marta 1972 yili pasport rejimini buzganingiz uchun qamashgan ekan. Bir yil berishibdi, lekin uch oydan so’ng qo’yib yuborishibdi. Aytishlaricha, qamoqdan qutulib chiqishingizda Iosif Kobzon yordam bergan ekan?

— To’g’ri, men o’shanda Moskvada yashardim. Lekin Toshkentda ro’yxatda turardim. Ukam armiyaga ketdi, onam olamdan o’tdi. Agar Moskvada ro’yxatdan o’tsam, Toshkentdagi kvartiradan ayrilardim. Aniqrog’i, bu kvartirada ukam yashashi kerak edi. Shuning uchun armiyadan kelishini kutishga majbur bo’lganman. Kobzon bilan yaqin do’st edik. Yuriy Antonov ikkovlari oldiniga meni ozodlikka chiqarish uchun militsionerlarga bepul konsert ham berishdi. Lekin bu foyda bermadi. Shunda Kobzon sobiq sovetlar ichki ishlar vaziriga murojaat bilan chiqdi. Va muddatni qisqartirishdi, uch oydan keyin meni qo’yib yuborishdi. Bilasizmi, o’sha paytlarda ham agar odamning nomi o’ta mashhurlashib ketgan bo’lsa, yo’q joydan ayb topib bo’lsa ham baribir qamashardi. Ayrim shaxslar bizga o’xshaganlarga ochiqchasiga hasad qilishardi.

— 1985 yili hech qaerda ishlamasligingiz tufayli ham sudlangan ekansiz. Rostmi?

— Ha, o’shanda qartabozlikka berilgandim. Hech qaerda rasman ishlamasdim. U qilishdi, bu qilishdi, meni qamashdi.

— Aytishlaricha, Toshkentdan Moskvaga kelgan ichki ishlar vazirligining rahbarlaridan biri bilan janjallashib qolgan ekansiz va u sizni qamatishga va’da bergan ekan?

— Ha, bu to’g’ri. U mening pullarim yordamida lavozimini oshirmoqchi bo’lgan. Men yordam bermadim. Agar yordam bersam ham baribir qamatardi. Bilasizmi, o’sha korchalon nafaqat meni, balki menga aloqador barcha avtoritetlarni qamoqda chiritishga va’da bergan. Moskvada bir nechta doklad yozgan-da, yuqoridagilarga topshirgan. Dokladida menga tuhmat qilgan. Go’yo men o’g’rilarni yollab Toshkentga yuborganman va ular kvartiralarni tunab qochgan.

— Yaponchik bilan turmada tanishganmisiz?

— Yo’q, u bilan ozodlikda tanishganmiz. Birga qarta o’ynardik. Yaxshi inson edi. Faqat jahldor edi. So’zining ustidan chiqmaganlarni yoqtirmasdi. U juda aqlli odam edi. Hech qachon yolg’on gapirmasdi. Ko’p kitob o’qirdi. Shuning orqasidan turmada o’tirib ko’zini kasallantirib olgan.

— Aytishlariga qaraganda, Yaponchik sizni Yevropadagi jinoyat olami nazoratchisi etib tayinlagan ekan?

— Bu noto’g’ri. 1989 yillarda Yevropada ruslar deyarli kam edi. Jinoyat olamidan asar ham bo’lmagan. Kimni nazorat qilasiz?..

— Siz Yevropada yashab ham ko’p marta qamalgansiz. U yerdagi turmalarning Rossiya turmalaridan qanday farqli jihati bor?

— Yevropa turmalari albatta Rossiya turmasidan farq qiladi. Masalan, Italiya turmasi ancha toza saqlanadi. Har haftada oppoq, toza, dazmollangan choyshab berishadi. 1000 yevrogacha bo’lgan narxlarda o’zing uchun ovqatga buyurtma berishing mumkin. Turmaning o’zida pishirilgan ovqat ham restorannikidan sira qolishmaydi.

— Sizni Interpoldagilar tez-tez qidirib turisharkan. Shu haqiqatmi?

— Ha.

— Rossiyadan chetga chiqishga haqli emasligingiz-chi?

— Bu ham rost. Lekin men Rossiyada yaxshiroq yashayman.

— Demak, siz hanuz o’zingizni «Qonundagi o’g’ri» deb hisoblashlariga qarshisiz. Shundaymi?

— Ha, men biznesmenman. «Qonundagi o’g’ri» emasman!

— Omon bo’ling!

Olimjon HAYIT tayyorladi