— Salom mening aziz dadajonim va oyijonim! Hozir tungi soat ikki. Men esa, o’z xonamning eshigi ro’parasida o’tirib sizlarga xat yozyapman. Chunki, meni ichkariga qo’yishmadi. Tunash navbatim yetmabdi hali. Ko’zlarim yumilib boryapti. Lekin uxlayolmayman. Chunki, bir oyoqli stulda o’tiribman. Yotoqxonamizda boshqa stul yo’q. Shuning uchun ham uxlab qolmaslik maqsadida sizlarga xat yozyapman…
Mening qadrdon ota-onam! Sizlarni juda sog’indim. Iltimos, pul jo’natinglar! Negaki, pullaringizni ko’proq sog’inganman. O’tgan safargi xatlaringda qirq besh ming jo’natgan ekansizlar. Men u xatlaringni olmadim. Shu sababli, mana, bir oydan beri hech narsa yeganim yo’q. Faqat suv ichyapman, xolos.
Profilaktoriyga joylashmoqchi edim. U yerga to qon topshirmaguningizcha qo’yishmasmish. Shu tufayli meni drujinachilikka yozib qo’yishdi. U yoqda esa… Oyog’imdan kaltak yedim. Kasalxonaga tushdim. Ishonasizlarmi, gipsni oyog’imga pullik poliklinikada o’rnatishdi. To’g’ri-da, gips degani ja kamyob narsa hozir. Menga o’xshagan drujinachilar ko’payib ketgan. O’shalar sotib olib qo’yishyapti. Agar yana o’ttiz ming qo’shganimda, zo’rini qo’ydirgan bo’lardim. Nima qilay? Oshirilgan stipendiyadan bosh tortdim. Oddiysini menga hech kim bermaydi…
Ana shunaqa gaplar. Qolgan ishlarim joyida. To’g’ri, yaqinda qavatimizdagilar meni o’z saflariga qo’shishdi. Endi ilgari o’zimniki bo’lgan narsalar hammaniki bo’ldi. Tolib tog’a Mo’g’ulistondan olib kelgan kremplin shishim ham. U shimni kiyib do’stlarim zagsga borib kelishyapti. O’rniga menga shishasiz ko’zoynak hadya qilishdi. Italiyaniki ekan… Dada, menga eski-tuski kiyimlaringizni yubormang! Hamma ustimdan kulyapti. Yaxshisi, pul yuboring! Yuz ellik ming jo’natsangiz shimga yetadi.
Shunaqa. Boshqa ishlarim yaxshi. To’g’ri, bahor kelib yana yuzimga sepkil toshdi. Lekin buniyam yo’li topildi. Bir bola har bir sepkil uchun yuz so’mdan to’lasam, yo’qotib berarkan…
Dada, oyi! O’sha men olmagan xatlaringda ishlarim qandayligini so’ragan ekansizlar… Javob beraman. Ishlarim a’lo. To’g’ri, yaqinda meni institutdan haydashdi. Endi olgan stipendiyalarimni qaytarishimni talab qilishyapti. Hammasi bo’lib to’rt yuz ming, yigirma to’rt tiyin. Yigirma to’rt tiyinni jo’natmasalaring ham mayli. O’zim bir amallayman. Axir, sizlargayam oson emas-da!..
Sevimli ota-onam! Tez-tez xat yozib turinglar!.. O’zlaring qalaysizlar? Buvim qalaylar? Pensiya olib turibdimi? Olayotgan bo’lsa, nega xat yozmayapti?
Bilib qo’yinglar, men sizlarni hech qachon esdan chiqarmayman. Shunday sodiq o’g’illaring bor dunyoda. Faxrlaninglar uminan!..
Qachon qiynalib qolsalaring, pul yuboraveringlar, sizlarga yordam bo’ladi!
Mayli, xayr! Shu bilan xatimni tugataman.
Yaxshisi, pulni pochta orqali yuboringlar!
Sizlarning o’g’lingiz!
Hormasboy TOLMASBOYEV tayyorladi