O‘zbekiston Global Soft Power Index 2025 reytingida 33,6 ball to‘plab, 101-o‘rindan 99-o‘ringa ko‘tarildi. Bu haqda Brand Finance konsalting tashkiloti tomonidan e’lon qilingan reytingda keltirilgan.
Mazkur indeks biror davlatning xalqaro hamjamiyatga ta’sir ko‘rsatish qobiliyatini ko‘rsatadi. U majburiy kuch ishlatish (qattiq kuch) o‘rniga, ishontirish va jozibadorlik orqali ta’sir o‘tkazish imkoniyatini baholaydi. Boshqacha aytganda, yumshoq kuch – bu davlatning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘-e’tibori bo‘lib, u boshqa mamlakatlarning ushbu davlat bilan hamkorlik qilish istagini shakllantiradi.
Reyting 100 dan ortiq davlatdan 170 mingdan ortiq kishining fikri asosida tuzilgan bo‘lib, unda 193 mamlakat baholangan. Har bir davlat 55 ta turli mezon bo‘yicha baholangan, jumladan:
- Biznes va savdo;
- OAV va kommunikatsiya;
- Madaniyat va meros;
- Ta’lim va fan;
- Odamlar va qadriyatlar;
- Xalqaro munosabatlar;
- Boshqaruv;
- Barqaror rivojlanish;
- Ta’sir va obro‘.
O‘zbekistonning indeksdagi ko‘rsatkichlari quyidagicha:
Eng katta o‘sish madaniyat va meros (+10) hamda ta’sir va obro‘ (+9) kategoriyalarida kuzatildi. O‘zbekiston ta’lim va fan (-11) va xalqaro munosabatlar (-13) ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘z pozitsiyasini yomonlashtirgan.
Reytingning birinchi o‘rnini AQSH egallagan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda Xitoy hamda Buyuk Britaniya joylashgan. Rossiya 16-o‘rinda, Ukraina 46-o‘rinda, Belarus esa 80-o‘rinda qayd etilgan.
Qirg‘iziston 146-o‘rinni, Tojikiston 141-o‘rinni, Qozog‘iston 87-o‘rinni, Turkmaniston esa 134-o‘rinni egallagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Global Firepower” tashkilotining 2025 yilgi hisobotida O‘zbekiston 2,8 milliard AQSH dollarlik mudofaa xarajati bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi bo‘lgan edi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoda ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston – 2 milliard AQSH dollari, uchinchi o‘rinda esa Turkmaniston – 1,1 milliard AQSH dollari bilan joylashgan. Mintaqada eng kam harbiy xarajatlar Qirg‘iziston (221,8 million AQSH dollari) va Tojikistonda (446 million AQSH dollari) kuzatilmoqda.