O‘tgan yili Markaziy Osiyo davlatlari mudofaa sohasiga jami 1,9 milliard dollar sarflagan. Bu haqda Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI) hisobotida so‘z boradi.
SIPRI e’lon qilgan hisobot O‘zbekiston va Turkmaniston ma’lumotlarini o‘z ichiga olmaydi. Chunki tashkilot mazkur ikki davlat haqida aniq raqam keltirmagan.
Hisobotga ko‘ra, 2024 yilda mintaqa davlatlari harbiy xarajatlarini 5,5 foizga kamaytirgan. So‘nggi to‘qqiz yil ichida esa bu xarajatlar qariyb chorak qismga – 25 foizga tushgan. Bundan tashqari, hisobotda davlatlarning harajatlari alohida keltirilmagan.
Qayd etish joiz, “Global Firepower” reytingida mintaqadagi eng kuchli armiya sifatida Qozog‘iston va O‘zbekiston armiyalari e’tirof etilgan. Ular global kuchlar reytingida mos ravishda 57- va 58-o‘rinlarni egallagan. Kuchli uchlikni Turkmaniston armiyasi yakunlagan – 77-o‘rin. Qirg‘iziston 105-o‘rinni, Tojikiston esa 108-o‘rinni band etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti 2024 yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar rekord ko‘rsatkichga – 2,7 trillion dollarga yetgani xabar qilingandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9,4 foizga ko‘p degani va sovuq urush tugaganidan beri eng keskin o‘sish sifatida qayd etilgan.