image0

Bugun, 5 mart kuni Senatda o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi. Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishda agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolgani qayd etildi. Ma’lum qilinishicha, Prezident topshirig‘i bilan investitsiya dasturlari ustidan nazorat kuchaytirilganidan keyin o‘tgan yilning o‘zida 3 trillion so‘m iqtisod bo‘lgan. Yoki sog‘liqni saqlash tizimida “Situatsion markaz” ishga tushirilgani hisobiga 2024 yilda 1,2 trillion so‘mlik maqsadsiz xarajatlarning oldi olingan.

“Lekin nega bu ishlar Prezident topshiriq berganidan keyin boshlanishi kerak?”, deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Shuningdek, yig‘ilishda xalqaro tajribani o‘rganib, kiberkorrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Xo‘sh, o‘zi dunyo miqyosida korrupsiya bilan qanday kurashiladi? Maqolada bir necha davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurash usul va tajribalari haqida so‘z boradi.

Korrupsiya: dunyo tajribasi va jazolar

Daniya. 2023 yildagi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Daniyada korrupsiya darajasi 0 ga teng deya baholangan.

Daniya qonunlarida poraxo‘rlik, firibgarlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish kabi moddalar uchun jinoiy jazolar bor. Daniya qonunlariga muvofiq davlat xizmatchisiga pora taklif qilgan shaxs jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin, pora olgan davlat xizmatchilariga nisbatan jarima yoki 6 yilgacha qamoq jazosi mavjud.

O‘lim, qamoq, toshbo‘ron va musodara: dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?1

Yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, bu davlatda korrupsiyaga qarshi juda qattiq jazo choralari qo‘llanilmasa-da, mamlakat aholisi mutlaq korrupsiya jinoyatiga yo‘l qo‘ymaydi. Buning asosiy sababi aholi korrupsiya illatining insoniylikka to‘g‘ri kelmasligini ongli ravishda tushunib yetgan.

Xitoy. Ushbu davlat korrupsiyaga qarshi kurashda yetakchilar qatorida turadi. Xitoy qonunlarida giyohvand moddalar, qotillik jinoyatlari bilan birga hukumat amaldorlariga pora berish uchun ham o‘lim jazosi mavjud. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Xitoy Kommunistik partiyasi yuqori lavozimli amaldorlarni shafqatsizlarcha hibsga oldi va qatl etdi.

O‘lim, qamoq, toshbo‘ron va musodara: dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?2

Xitoyda jazo darajasi korrupsiya darajasiga qarab farq qiladi.

100000 yuan (176 907 605 so‘m)gacha bo‘lgan korrupsiya uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;

100000 yuandan ortiq korrupsiya uchun 10 yildan boshlab to umrbod qamoq jazosi;

3 million yuan (5 307 228 150 so‘m) dan ortiq korrupsiya uchun o‘lim jazosi.

Yuqoridagi jazolar shaxs va uning oilasining barcha unvonlari, xizmatlari va mol-mulkini musodara qilish bilan birga amalga oshiriladi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida Xitoy Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Fan Yifei Markaziy bank va boshqa moliya institutlaridagi, jumladan, Xitoy qurilish bankidagi yuqori lavozimidan foydalangan holda 386 million yuan (54,55 million dollar)dan ko‘proq qiymatdagi mol-mulkni noqonuniy qabul qilishda aybdor deb topilib, shartli o‘lim jazosiga hukm qilingan.

Xitoy hukumati korrupsiyaga qarshi kurashni madaniy sohada ham olib bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda korrupsiya haqidagi tergovlar bo‘yicha televizion seriallar mashhur bo‘lgan, ularning asosiy g‘oyasi: hech qanday sabab bilan davlat mulkini o‘g‘irlash mumkin emas.

Eron. 1979 yildan beri, ya’ni Eronda Islom inqilobi g‘alaba qozonganidan buyon mahalliy sudlar korrupsionerlarga qarshi shariatga ko‘ra kaltaklash, oyoq-qo‘llarini amputatsiya qilish va hatto toshbo‘ron qilish kabi jazo choralarini qo‘llamoqda.

O‘lim, qamoq, toshbo‘ron va musodara: dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?3

2016 yilda Tehron bosh prokurori Said Mortazavi sud tomonidan korrupsiyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilganidan keyin 135 marta qamchi urishga hukm qilingan. Qamchining 70 tasi “davlat pullarini o‘zlashtirgani” uchun, yana 65 tasi esa “o‘z vazifalarini e’tiborsiz qoldirib, moliyani behuda sarflagani” uchun berilgan.

2018 yilda Eronda yana korrupsion holat aniqlangan. Markaziy bankning 16 nafar sobiq xodimi 3,5 million dollarlik pora olganlikda aybdor deb topilgan va ommaviy kaltaklangan. Jazo shu bilan tugab qolmay, amaldorlar qamoqxonalarga yuborilib, 74 qamchi urilgan va 10 yil ozodlikdan mahrum qilingan.

Hindiston. Pora berish odatiy holga kirgan va har qanday masala rasmiylar ishtirokida hal qilinadigan ushbu mamlakatda “Beshinchi kolonna” deb nomlangan korrupsiyaga qarshi kurashish jamoat tashkiloti tuzildi.

O‘lim, qamoq, toshbo‘ron va musodara: dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?4

2010 yilda tashkilot tomonidan aynan tovlamachilar uchun maxsus kupyura chiqarildi. Ushbu kupyura odatiysiga o‘xshaydi, ammo unda “pulni qalbakilashtirish qonun bilan javobgarlikka tortiladi”, degan yozuv o‘rniga “pora berish qonun bilan jazolanadi”, degan ogohlantirish mavjud. Banknota nol nominal qiymatga ega. “Beshinchi kolonna” jamiyatidagilarning ma’lum qilishicha, odamlar bu g‘oyani yaxshi kutib olgan va banknotlar adadi ko‘p miqdorda bosib chiqarilgan.

Chexiya. Mazkur davlat poytaxti Pragada g‘ayrioddiy texnika qo‘llaniladi. Mahalliy sayyohlik kompaniyasi shahar mehmonlarini “Korrupsiya safari” deb nomlangan tadbirda ishtirok etishga taklif qiladi.

O‘lim, qamoq, toshbo‘ron va musodara: dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?5

Uch soatlik ekskursiyada poraxo‘rlik qilgan mashhur siyosiy mansabdor va boshqa davlat amaldorlarining hashamatli qasrlari, uylari va joylari namoyish etiladi. Mazkur ekskursiya korrupsiyani "eng ijtimoiy yovuzlik", deb ataydigan Chexiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Singapur. Korrupsiya ustidan g‘alaba qozongan deb qaraluvchi Singapurda korrupsiyaga qarshi kurash qat’iy qonunlar va jazo choralari orqali amalga oshiriladi.

O‘lim, qamoq, toshbo‘ron va musodara: dunyo korrupsiya bilan qanday kurashmoqda?6

Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Ozodlikdan mahrum qilish: korrupsiya jinoyatlari uchun qamoq jazosi qo‘llaniladi. Masalan, 2024 yilda sobiq transport vaziri Subramaniam Isvaran biznesmenlardan noqonuniy qimmatbaho sovg‘alarni qabul qilish va odil sudlovga to‘sqinlik qilishda ayblanib, bir yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu Singapurda so‘nggi 40 yil ichida vazir bilan bog‘liq birinchi korrupsiya ishi hisoblanadi.

Jarima: korrupsiya jinoyatlarida ishtirok etgan shaxslar moliyaviy jarimalarga tortilishi mumkin. Jarima miqdori jinoyatning og‘irligiga va olingan pora summasiga bog‘liq ravishda belgilanadi.

Mol-mulkni musodara qilish: noqonuniy yo‘l bilan olingan mol-mulk va aktivlar davlat foydasiga musodara qilinishi mumkin.

Singapurda korrupsiyaga qarshi kurashish uchun maxsus tashkilot – Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi faoliyat yuritadi. Ushbu byuro davlat va xususiy sektordagi korrupsiya holatlarini tergov qiladi.

Ushbu qat’iy choralar natijasida Singapur dunyodagi eng kam korrupsiyalashgan davlatlardan biriga aylangan.