Turk zargarlik san’ati – dizayni yuqori darajada sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va doimiy ravishda rivojlanayotgan soha hisoblanadi.
Turkiyada har yili, taxminan, oltindan yasalgan 250-300 tonna zargarlik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Zargarlik sektori Turkiyaning eng yirik ishlab chiqarish tarmoqlaridan biri bo’lib, 250 mingga yaqin kishini ish bilan ta’minlaydi. Zargarlik sektorida 5 mingdan ziyod ishlab chiqaruvchi va 35 ming chakana savdo do’koni faoliyat ko’rsatmoqda.
Turkiyada oxirgi 10 yil ichida qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari eksporti sezilarli darajada oshdi. Bu o’sish bilan Turkiyaning sanoatdagi o’rni ortdi va Turkiya bu borada yetakchi davlatlardan biriga aylandi.
Turkiya Hindiston, Xitoy, AQSh va Rossiya bilan birga oltin zargarlik buyumlari bozori hajmi bo’yicha dunyoning eng katta beshta bozoridan biri bo’lsa, Hindiston va Italiya bilan birga ishlab chiqarish bo’yicha ilk uch davlat orasida o’rin egallaydi. Turkiyadagi zargarlik sanoati har yili taxminan 400 tonna oltin va 200 tonna kumushni qayta ishlash va ularni zargarlik buyumlariga aylantirish imkoniyatiga ega, ammo bu quvvatlarning hammasi to’laqonli ishlatilmaydi. Turkiya dunyoda oltin taqinchoqlar ishlab chiqarish bo’yicha eng ilg’or 10 davlat orasida bo’lib, jahon zargarlik sanoatida Turkiya, Italiyaga eng katta raqobatchi sifatida ko’rilmoqda.
Turkiyada ishlab chiqarilgan zargarlik mahsulotlarining 30-40 foizi eksport qilinadi, qolgan qismi mahalliy iste’molchilar, sayyohlar va kichik savdogarlariga sotiladi. Turkiyaga kelgan har to’rt sayyohdan o’rtacha bir kishi oltin taqinchoq sotib oladi. Yillik ishlab chiqariladigan zargarlik buyumlarining 40 foizga yaqini sayyohlar va xorijlik kichik savdogarlarga sotiladi.
Turkiyaning 2019 yilda oltin zargarlik buyumlari eksporti 5 milliard dollarni tashkil etdi. Zargarlik mahsulotlari eksport qilinadigan asosiy mamlakatlar orasida Iroq, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, AQSh, Gonkong va Liviya o’rin olgan.
Turk oltin zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish an’anasining ildizlari 5000 yil oldin borib taqaladi va Anadoluda yashagan barcha sivilizatsiyalar diniy va estetik maqsadlarda ko’plab zargarlik buyumlarini yaratgan. Anadoluda hukmronlik qilgan Xetlar, Urartular, Frigiyaliklar, Ioniyaliklar, Lidiyalar, Rimliklar, Vizantiyaliklar, Saljuqiylar va Usmonlilar o’ziga xos zargarlik uslublarini ishlab chiqqan. Turli xil zargarlik uslublari
orasida Anadoluga eng muhim zargarlik uslubini olib kelgan Saljuqiylar edi. Usmonlilar imperiyasining o’sishi va gullab-yashnashi bilan Istanbulda zargarlik san’ati ahamiyat kasb etdi; Sulton Sulaymon hukmronligi davrida Istanbul dunyoning eng muhim zargarlik markazlaridan biriga aylandi. Bu davrda Istanbulda zargarlik buyumlari yarmarkalari o’tkazilganligi tarixiy manbalarda ham qayd etilgan.
XVI asrga kelib Turkiya o’zining an’anaviy zargarlik buyumlarini yasash usullarini takomillashtiradi, ramziy va doimiy dizaynlarni ishlab chiqaradi va zargarlikning oltin davriga kiradi. Turkiyada oltin va ayniqsa kumush zargarlik buyumlari hali ham keng ishlab chiqarilmoqda. Zargarlik buyumlari dizaynida niello, filigra, to’qmoq kabi an’anaviy usullar hali ham qo’llanilib kelmoqda.
Hozirgi kunda ko’pgina mahalliy dizaynerlar an’anaviy naqshlarni tarixiy zargarlik usullari bilan uyg’unlashtirib, ajoyib zamonaviy buyumlar yaratish uchun turli metallar va materiallardan foydalanadilar. Turk zargarlik buyumlari – yoqut, safir va agat kabi qimmatbaho toshlar bilan antik davrni aks etishi, shuningdek turli xil ma’nolarni anglatuvchi oksidlangan metalldan foydalanilishi bilan ajralib turadi.
Turk zargarlik buyumlari savdosining markazi Istanbulda, ayniqsa “Kapali charshi” yopiq bozorida va uning atrofida bo’lib, u yerda hozirda ham ko’plab usta zargarlar faoliyat yuritishadi. Eng mashxur zargarlar “Kapali charshi” bozorida o’z zargarik do’konlari va savdo markazlariga ega. Qadimiy zargarlik an’anasiga ko’ra bu yerdagi zargarlik buyumlari qo’lda yasalgan. Ushbu tarixiy an’ana va meros “Kapali charshi” zargarlik buyumlarini o’ziga xosliga aylangan va sifatli bo’lishini ta’minlagan.
Kumush zargarlik buyumlari shunchalik an’anaviy va keng tarqalganki, siz mamlakatning turli burchaklarida, jumladan, «To’pkapi» saroy muzeyida tarixiy kumush zargarlik buyumlarini ko’rishingiz mumkin. Zamonaviy turk zargarlik buyumlari dizaynlari Usmoniylar imperiyasi davridan beri ishlab chiqilgan bo’lib, kumush va zargarlik hunarmandchiligi oilalarda avloddan-avlodga o’tib kelmoqda. Har yili minglab chet ellik sayyohlar Turkiyaga faqat g’ayrioddiy va yuqori sifatli zargarlik buyumlarini xarid qilish uchun kelishadi.
Agar sizni antiqa yoki an’anaviy zargarlik buyumlari qiziqtirsa, zargarlik buyumlarini yasayotgan hunarmandlarni o’z ko’zingiz bilan ko’rishni istasangzi albatta “Kapali charshi” yopiq bozoriga tashrif buyuring. Istanbulda, ayniqsa Galata, Moda va Nishantashi tumanlarida va butun Turkiya bo’ylab ko’plab zargarlik butiklarni o’zingiz uchun kashf qilishingiz mumkin.