Shvetsiyalik mashhur olim dinamit ixtirochisi Alfred Nobel 55 yoshga to’lganida Kann shahrida istiqomat qilayotgan akasi Lyudvig vafot etdi.
Shvetsiyalik gazeta muxbirlaridan biri yanglishib, Alfred Nobel vafot etibdi deb gazetada e’lon berib yubordi.
O’zi xaqidagi ta’ziyanomani o’qigan Alfred Nobel butun hayoti va faoliyatining mohiyatini ana shunda tushunib yetgan ekan. Chunki Shvetsiya gazetalarida – “Ajal savdogari, ajal ixtirochisi o’ldi” deb yozilgandi.
Xo’p, u dinamitni nega kashf qilgandi?!
Tog’ metallurgiya sanoati rivoji uchun albatta. Ammo unga boshqa talablar plyus qo’shilib ketib, portlash ishtiyoqi urushlarda sinab ko’rila boshladi.
Olimga o’zini kelajakda «dinamit qiroli» deya eslanishi yoqmadi.
«Ajal savdogari» deb atalishi-ku qattiq ta’sir qiladi – «Ha, mana jamiyat men xaqimda qanday fikrlarkan» deya xulosa qilgandi o’shanda olim.
Aslida Nobelning dinamitdan tashqari yana 355 ta kashfiyoti ham bor edi, ammo aynan dinamit ixtirosidan u juda katta foyda ko’rdi. Xatto uning vafot etgan akasi Lyudvig ham snaryad ishlab chiqarish va uni sotishdan katta savdogarga aylangandi.
Nobel o’zi haqidagi jamiyatning fikrini butunlay o’zgartirishga qaror qilib, o’z vasiyatnomasini qaytadan yozdiradi.
1895 yil Parijdagi Shved-Norveg klubida (ha bu o’sha yarmi Shvetsiya yarmi Norvegiyaga qaragan klub) tuzilgan bu vasiyat xatida Alfred Nobel o’ziga tegishli 31 million Shvetsiya markasini kelajakdagi fan va adabiyot namoyondalariga vasiyat qilib qoldirdi.
Vasiyatnomaning bosh punkti quyidagi so’zlar edi:
«Men Alfred Bernxard Nobel aql-hushim joyida, tanam sog’lom holda vasiyat qilaman: Mening vasiyatimni bajaruvchi vakillarim o’limimdan so’ng menga tegishli barcha boyliklarimni qimmatbaho qog’oz pullariga aylantirib, fond tuzishlariga buyuraman. Ushbu fonddan keladigan foiz foydasini ilm-fanda, adabiyotda, insoniyatga foyda keltiruvchi shaxslarga har yili mukofot tarzida berilishini shart qilib belgilayman. Ushbu mukofot fondidan keladigan foiz foydasini besh qismga ajratib, beshta mukofot ta’sis qilinishini buyuraman.»
Hullas, Fizika, Kimyo, Fiziologiya va Meditsina, bashariyat ideallarini tarannum qiluvchi badiiy asar muallifiga, ya’ni adabiyot yo’nalishi, xalqlar tinchligi yo’lida, ularning jipslashishi-birlashishi yo’lida kurashadigan, qullikni bartaraf etadigan, armiyalar sonini qisqartiradigan, urushlarning oldini oladigan, tinchlik sulhlarini tuzadigan insonlarga ushbu mukofot berilishini kerak bo’lgan.
Unda yana mukofotning berilishi- irqchilik, millatchilik prinsiplaridan xoli bo’lishi kerakligi yozib qo’yilgan. Hullas, millati va qaysi irq vakili bo’lishidan qat’i nazar ushbu mukofot o’z egasini topishi kerak.
Alfred Nobel vafotidan keyin uning vasiyatiga ko’ra har yili olamshumul natijalarga erishgan insonlar o’z mukofotlarini, ya’ni Nobel mukofotini olib kelmoqdalar.
Nobelning juda ko’p qarindosh-urug’lari sud orqali o’z ajdodlarining vasiyatini ko’rib chiqishga harakat qilganlar, ammo barchasi sudda yutqazganlar. Nobel o’z qarindoshlariga sariq chaqa ham qoldirmagan, u butun boyligini bashariyatga bag’ishlab yuborgandi.
Dunyodagi eng e’tirofli mukofot ana shunday paydo bo’ldi, ammo Nobel bir juz’iy sabab bilan mukofot yo’nalishlari safiga- matematiklarni qo’shmagan.
Bunisi esa muhabbat va rashk bilan bog’liq boshqa bir xikoya.