Nega TikTok taqiqlanmoqda?

TikTok pop-madaniyat, ayniqsa, o’smirlar o’rtasida eng mashhur ijtimoiy tarmoqqa aylandi. Ammo so’nggi haftalarda qator G’arb davlatlari tarmoq Xitoy kompaniyasiga tegishli ekanini aytib, undan foydalanishni tobora cheklamoqda.

 

Dushanba kuni Kanada AQSh va Yevropa Komissiyasi ortidan hukumat qurilmalarida TikTok’dan foydalanishni taqiqladi. Rasmiylar buni “maxfiylik va xavfsizlik uchun ulkan xavf” bilan izohladi.

 

Nima uchun TikTok taqiqlanmoqda va bunga o’zi ehtiyoj bormi?

 

TikTok Xitoyning ByteDance  kompaniyasiga tegishli. Kompaniyani doimiy ravishda XXR hukumatiga foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini berishda ayblab kelishadi. Ayrim ekspertlarning taxminiga ko’ra, maxfiy ma’lumot ilovani yuklab olishda ochiqlanishi mumkin, bu ayniqsa hukumat qurilmalariga tegishli.

 

Ammo boshqa tahlilchilar, xususan, Jorjtaun universitetining zamonaviy texnologiyalar bo’yicha mutaxassisi Anup Chandler bu taqiq geosiyosat bilan bog’liqligini aytmoqda.

 

“Qo’shma Shtatlar siyosatchilari o’zlarini Xitoyga qarshilik ko’rsatayotganini namoyish qilishga harakat qilmoqda, bu davlat asosiy geosiyosiy dushman sifatida tayyorlanyapti. Shu sababli men uchun bu milliy xavfsizlikni keng qamrovli himoya qilish strategiyasi”, – degan u.

 

Boshqa ekspertlar ham taqiqqa qarshi chiqmoqda. Ular Uber va Facebook ham jurnalistlar joylashgan nuqtalarni kuzatishda ayblanganini aytishgan. Kiberxavfsizlik bo’yicha ekspert Madlen Karning so’zlariga ko’ra, agar ma’lumotlar xavfsizligi inobatga olinsa, hukumat qurilmalari G’arbning hech qaysi ijtimoiy tarmoqlaridan foydalanmasligi kerak.

 

“Bu platformalar bizga tegishli ma’lumotlarni to’plashi va boshqalarga berishini yaxshi bilamiz. Ma’lumotlarni himoya qilish agentliklari ularni doimiy ravishda jarimaga tortib keladi. Biz bu tarmoqlarning xavfliligini bilamiz”, – degan u.

 

Ammo AQSh ushbu yo’nalishdagi ishlarini to’xtatmayapti. Hozirgi paytda Kongressda TikTok’ni faqat davlat tashkilotlari uchun emas, balki barcha amerikaliklar uchun taqiqlash masalasi ko’rib chiqilyapti. Ammo bu keskin muhokamalarga sabab bo’ldi. Fuqarolar erkinligi Amerika ittifoqi Twitter sahifasida ijtimoiy tarmoqning taqiqlanishi millionlab amerikaliklarning huquqlarini buzishini yozib chiqdi.

 

Jarayonni kuzatib borayotgan tahlilchilar bu kabi keng qamrovli taqiqqa skeptik yondashmoqda.

 

“AQSh hukumatida ilovani to’liq taqiqlashga yo’l qo’ymaydigan cheklovlar bor. Agar so’z erkinligi haqida gap ketsa, bu Konstitutsiyaning buzilishiga olib keladi. TikTok’ni to’liq taqiqlash qiyin. Aslini olganda bu butunlay imkonsiz. Siz TikTok ishini qiyinlashtirish, reklama yoki sotuvlarni murakkablashtirishingiz mumkin, ammo unga kirishni yopib bo’lmaydi”, – degan Vashington strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Jeyms Lyuis.

 

O’z navbatida Xitoy tashqi ishlar vazirligi seshanba kuni G’arb davlatlarining qarorini qoralab chiqdi. Vazirlik rasmiy vakili Mao Nin AQShning TikTok oldidagi qo’rquvlaridan hayratlanganini bildirgan. Diplomat Vashingtonni “davlat xavfsizligi tushunchasini mutloqlashtirmaslik”ka chaqirdi.