image0

Xalqaro olimlar guruhi Marsda qadimda muzdan holi suv havzalari mavjud bo‘lganini tasdiqlovchi to‘lqin izlarini aniqladi. Ushbu izlar tosh jinslarda saqlanib qolgan bo‘lib, ular taxminan 3,7 milliard yil avval Marsning iqlimi suvni yuzada suyuq holda saqlash uchun yetarli darajada iliq va zich bo‘lgan davrda paydo bo‘lgan. Bu haqda tadqiqot “Science Advances” jurnalida chop etilgan.

Qayd etilishicha, Curiosity roveri Geyl kraterida uzunligi atigi olti millimetr, bir-biridan to‘rt-besh santimetr masofada joylashgan to‘lqinsimon izlarni topgan. Olimlarning fikriga ko‘ra, bunday shakllar faqat ikki metrgacha chuqurlikdagi sayoz suvda shamol va suv ta’sirida paydo bo‘lishi mumkin.

“To‘lqinlarning shakli suv havzalari mavjud bo‘lganini va ular shamolning ta’siriga uchraganini aniq ko‘rsatadi”, deydi tadqiqotning yetakchi muallifi – Kaliforniya texnologiya instituti olimi Kler Mondro.

Tadqiqotchilar to‘lqin izlarini ikki xil tosh qatlamlarida aniqlagan. Bu esa turli davrlarda suv havzalari mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Ulardan biri – “Prou” shamol ta’sirida shakllangan qumtepalardan tashkil topgan. Ikkinchisi – “Ampari” ikki metrgacha chuqurlikka ega bo‘lgan qadimgi ko‘l mavjudligini tasdiqlaydi.

Marsda qadimiy ko‘llarning izlari topildi1

Oldinlari Marsning bu davri (3,7 milliard yil avval) quruq va sovuq bo‘lgan deb hisoblangan. Ammo ushbu yangi kashfiyot sayyora yuzasida suyuq suv taxmin qilinganidan uzoqroq vaqt saqlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

“2004 yilda Opportunity va Spirit missiyalaridan boshlab Marsda qadimgi ko‘llar mavjudligini isbotlovchi dalillarni qidirib kelmoqdamiz va nihoyat ular topildi”, dedi tadqiqot rahbarlaridan biri Jon Grotsinger.

Ushbu yangi ma’lumotlar Marsning o‘tmishda suyuq suv mavjud bo‘lishiga qulay sharoitlarni saqlaganini ko‘rsatadi. Bu esa sayyoraning yashashga yaroqliligini o‘rganish istiqbollarini sezilarli darajada kengaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA olimlari Marsda birinchi marta suyuq holdagi suvni topgan edi. Suv sayyora yuzasi ostidagi juda katta chuqurlikdan topilgan. Uning holati juda sifatli hamda suyuq holatda bo‘lgan. Olimlar NASA’ning Mars Insight Lander zondi tomonidan to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilib, Mars qobig‘ining chuqur qismida suyuq suv pufakchasi bor degan xulosaga kelgan.