Markaziy Osiyodagi «eng yopiq» qamoqxona mahbuslariga qarindoshlari bilan uchrashishga ruxsat berildi

Turkmaniston hukumati mamlakatdagi eng yopiq bo’lgan qamoqxona mahbuslariga qarindoshlari bilan uchrashishga ruxsat berdi. Bu haqda 9 iyul kuni “ishonchli manbalarga tayangan holda” Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari tashkiloti xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, “Markaziy Osiyodagi eng yopiq bo’lgan” Ovadan Depe qamoqxonasida diniy motivlar bilan ayblanib saqlanayotgan 30 mahbusning qarindoshlariga iyun oyi oxirlarida ko’rishish uchun ruxsat berilgan. Mahbuslar va qarindoshlar uchrashuvi 40 daqiqa davom etgan.

“Memorial”ning bildirishicha, xalqaro huquq tashkilotlarining bosimi ostida Turkmaniston hukumati mahbuslarni yaqinlari bilan uchrashtirgan.

“Lekin bu qamoqxonadagi muammolarni bartaraf etish masalasi shu kungacha ochiq qolmoqda”, “Ko’p sonli siyosiy mahbuslar haligacha qamoqxonada saqlanmoqda”, deb bildirdi “Memorial”.

Ma’lumot uchun, Ovadan Depe qamoqxonasi Turkmanistonni o’limiga qadar boshqargan prezident Saparmurod Niyozov buyrug’i bilan poytaxt Ashxaboddan 50 kilometr olislikda bo’lgan Qoraqum cho’lida 2002 yilda tashkil etilgan edi.

Sof.uz